AQSHda “Rishton keramikasi: Markaziy Osiyo kulolchilik sanʼatining gavhari” nomli koʻrgazma va shou-rum ochildi

    Madaniyat 25 Yanvar 2024 717

    Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasi tomonidan Fargʻona viloyati Rishton tumani hokimligi bilan birgalikda Vashingtonda “Rishton keramikasi: Markaziy Osiyo kulolchilik sanʼatining gavhari” nomli koʻrgazma tashkil etildi.

    Tadbirda amerikalik taniqli sanʼat arboblari, kolleksionerlar, yirik biznes, hukumat, siyosiy, akademik, ekspert va OAV vakillari hamda faol vatandoshlar ishtirok etdi. Shuningdek, yuqori martabali mehmonlar — AQSH prezidentining maxsus yordamchisi Nikolas Berliner, ijtimoiy himoya va nogironlar boʻyicha maslahatchisi Sara Minkara, savdo vazirining birinchi oʻrinbosari Marisa Lago va YUSAID rahbarining oʻrinbosari Anjali Kaur va Kongress aʼzolari vakillari qatnashdilar.

    Koʻrgazmaning ochilishi marosimida nutq soʻzlagan AQSH prezidentining maxsus yordamchisi Nikolas Berliner Oʻzbekiston asrlar davomida madaniyat va taraqqiyot markazi boʻlib kelganini, ushbu zaminda Rishton kulolchiligi kabi noyob sanʼat turlari shakllanganligini taʼkidladi.

    Nikolas Berliner Oʻzbekistonda erishilayotgan ijobiy oʻzgarishlarga alohida toʻxtalar ekan, bugungi kunda respublikamiz mintaqaning iqtisodiy katalizatoriga aylanganini va Markaziy Osiyo barqaror kelajagi uchun mustahkam poydevor rolini bajarayotganini alohida urgʻuladi.

    YUSAID administratori oʻrinbosari Anjali Kaur oʻz chiqishida, azaldan kulolchilik sanʼatiga qiziqishi sababli ushbu koʻrgazmani intiqlik bilan kutganini bildirdi.

    Koʻrgazma davomida boʻlib oʻtgan ikki tomonlama muzokaralar yakunida Amerikaning “DIAMOND Inc.” kompaniyasi va Rishton shahridagi “Mingboshi Ceramic” MCHJ oʻrtasida 5 million dollar miqdorida keramika mahsulotlarini xarid qilish hamda ushbu mamlakatning “ASU Trading LLC” va “Exclusive Ceramic of Rishtan” MCHJ oʻrtasida AQSH Shtatlarida keramika mahsulotlarini sotish boʻyicha distribyutorlik shartnomalari imzolandi.

    Shuningdek, Rishton tumani hokimligi, YUSAID va “Aleksandriya loy kooperativi” studiyasi oʻrtasida AQSHda “Rishton kulolchilik maktabini” tashkil etish va amerikalik kulolchilik sohasi ixlosmandlarining Rishtonga safarini tashkil etish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.