Elchixona maʼlumotiga koʻra, tadbirda “Boeing” kompaniyasi vitse-prezidenti Monta Freyzer, “Project C.U.R.E.” nodavlat tashkiloti prezidenti Duglas Jekson va ushbu NNTning xorijiy hukumatlar bilan ishlash boʻyicha direktori Melisa Esposti ishtirok etdi.
Mazkur tadbir Qoraqalpogʻistonga gumanitar yordam tashkil qilish doirasida “Project C.U.R.E.” va “Boeing” bilan hamkorlikda uyushtirildi. Yuk tarkibini qiymati 3 million dollarlik tibbiyot buyumlari va jihozlari, sunʼiy shamollatish moslamalarini oʻz ichiga olgan 40 futlik oʻnta konteyner tashkil qildi. Kelishuvlar 2019-yilda elchixona rahbari va “Project C.U.R.E.” prezidenti Duglas Jekson bilan tashkilotning Vest-Gruve (Pensilvaniya) va Xyuston (Texas) shaharlaridagi omborlariga tashrif chogʻida erishilgan edi.
Qoraqalpogʻiston sogʻliqni saqlash vazirligi soʻroviga binoan “Project C.U.R.E.” tomonidan Siyetlda shakllantirilgan gumanitar yukning birinchi joʻnatmasi qariyb 6 tonnaga teng. Ushbu yukni Kanzas-sitidan Siyetlga (3 ming kilometr) Pensilvaniya shtatidagi oʻzbeklar diasporasi faollaridan biri, logistika kompaniyasi asoschisi Ahmadjon Odilov begʻaraz amalga oshirdi. Bundan tashqari, AQSHdagi vatandoshlar tomonidan asos solingan “Give to Get International” xayriya tashkiloti koʻmagida mustaqil ekspertlarning Qoraqalpogʻistondagi tibbiyot muassasalarining ehtiyojlarini baholash boʻyicha xarajatlari toʻlandi.
“Boeing” vitse-prezidenti Monta Freyzer oʻz soʻzida kompaniya rahbariyati soʻnggi 25 yil ichida “Uzbekistan airways” bilan yaqin hamkorlik oʻrnatgani va Oʻzbekistonning aviatsiya sohasini rivojlantirishdagi yutuqlarini yuqori baholashini taʼkidladi.
“Biz Qoraqalpogʻistonga gumanitar yukning birinchi partiyasini «Dreamliner” samolyotida yuborish tadbirida ishtirok etayotganimizdan juda xursandmiz, - dedi Monta Freyzer. – Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq bugungi sinovli vaqtda ushbu xayriya tadbiriga ulush qoʻshayotganimizdan mamnunmiz». “Boyeing” vakili ushbu tadbir amerikalik samolyot ishlab chiqaruvchi, notijorat tashkilot va elchixona oʻrtasidagi muvaffaqiyatli davlat-xususiy hamkorligiga yaqqol misol boʻlishini taʼkidladi.
Monta Freyzer “Boeing”ning Oʻzbekiston bilan strategik hamkorlikni davom ettirishga sodiqligini tasdiqlagan holda “Project C.U.R.E.” loyihasiga 100 ming dollar miqdoridagi chek topshirdi. Ushbu mablagʻ Orolboʻyi aholisi uchun navbatdagi gumanitar yordamni yetkazishni moliyalashtirish uchun ishlatiladi.
“Project C.U.R.E.” prezidenti Duglas Jekson Qoraqalpogʻistondagi tibbiyot muassasalariga gumanitar yordamning birinchi partiyasini yetkazib berish boʻyicha erishilgan natijalardan mamnun ekanini taʼkidladi.
Oʻz navbatida, elchi Orol dengizi hududi aholisiga koʻrsatilayotgan xayriya yordami uchun “Boeing” va “Project C.U.R.E.” kompaniyalariga minnatdorlik bildirdi.
Gumanitar yordam Siyetldan Toshkentga “Uzbekistan Airways” AJ uchun “Boeing” zavodida ishlab chiqarilgan yettita soʻnggi yangi “Dreamliner” samolyotidan biri orqali yetkazib beriladi. 5-may kuni esa begʻaraz koʻmak Toshkentdan Nukus shahriga yetkaziladi. Tibbiy jihozlar bilan taʼminlangan navbatdagi toʻrtta konteynerdagi insonparvarlik yuki yoz fasli oxiriga qadar Orolboʻyi mintaqasiga yuboriladi.