“Joriy yilning 29-avgust kuni Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi taklifiga binoan, AQSHlik bir guruh jurnalistlar - Rafael Nektalov, Ari Kagan, Melik Keylan, Endi Isaakson Oʻzbekiston mustaqilligining 31 yilligi hamda AQSH va Oʻzbekiston oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligiga bagʻishlangan tantanalarda ishtirok etish uchun Toshkentga keldi, - deb yozadi nashr. – Tashrif dasturida mehmonlarning mamlakat hukumati aʼzolari, hokimlar bilan uchrashuvlar oʻtkazish, Toshkent va Samarqand oliy oʻquv yurtlarida maʼruzalar qilish, keng koʻlamli taʼmirlash ishlaridan soʻng Qoʻqondagi yahudiylar qabristonining ochilish marosimida ishtirok etish, “Oʻzbekiston – Amerika” doʻstlik jamiyati tomonidan Millatlararo munosabatlar va xorijiy davlatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasida jurnalistlar va mahalla faollari ishtirokida tashkil etiladigan matbuot anjumanida qatnashishi koʻzda tutilgan”.

Nashrda qayd etilishicha, 30-avgust kuni amerikalik jurnalistlar delegatsiyasi Oʻzbekiston parlamenti quyi palatasi Spikeri oʻrinbosari Odiljon Tojiyev va deputat Dilorom Xoʻjayeva, shuningdek, Toshkent shahar hokimining investitsiyalar va innovatsiyalar, sanoat va turizmni rivojlantirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari Sharof Rahmonov bilan uchrashgan va poytaxtning diqqatga sazovor joylari bilan tanishgan. “31-avgust kuni ular Oʻzbekiston Mustaqilligining 31 yilligiga bagʻishlangan tantanada ishtirok etdi”, deb yozadi “The Bukharian Times”.

AQSH jurnalistlaridan iborat delegatsiya 8-sentyabr kunigacha Oʻzbekistonda boʻladi.