Unda tomonlar O‘zbekistonda AQSHning ilg‘or ta’lim standartlariga asoslangan yangi innovasion oliy ta’lim muassasasi tashkil qilish istiqbollari bo‘yicha navbatdagi muhokamalarni olib bordilar. David Bejuashvili nomidagi ta’lim jamg‘armasi (Gruziya) ushbu loyihaga katta qiziqish bildirayotgan hamkor investor sifatida O‘zbekiston tomoniga tanishtirildi. 

Suhbat davomida xorijiy investorlar respublikamiz oliy ta’limining hozirgi rivojlanish bosqichi, kelgusidagi rejalar hamda yangi oliy ta’lim muassasasi tashkil qilish uchun mavjud qulay imkoniyatlar bilan qiziqdi.   Respublikada yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrovining keskin oshirib borilayotgani, yurtimizda xorijiy OTM soni va yetakchi qo‘shma ta’lim dasturlari soni ortib borayotgani, umuman, O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda oliy ta’lim bo‘yicha mintaqaviy “xab”ga aylantirish kabi maqsadlar to‘g‘risida xorij tomoniga batafsil ma’lumot berildi.

Shu o‘rinda, mehmonlar Vazirlik tomonidan 7-iyul kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo oliy ta’lim xabi sifatida” mavzusidagi xalqaro konferensiya natijalarini yuqori baholadilar.