Onlayn uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, Oʻzbekiston iqtisodiyoti rivoji uchun zarur boʻlgan zamonaviy mutaxassisliklarda kadrlar tayyorlash, qoʻshma taʼlim dasturlarini kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
— Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQSHga qilgan tashrifini juda yaxshi eslayman, — dedi Vebster universiteti prezidenti janob Yu.Shuster. — Nyu-York shahrida biznes vakillari bilan tashkil etilgan uchrashuvda Prezidentingiz bilan birinchi marta uchrashgan edim. Oʻshanda Prezident Oʻzbekistonda katta imkoniyatlar borligini, AQSH universitetlari filiallarini ochishni taklif qilib, barchamizni Oʻzbekistonga chaqirgan edi. Mana oradan uch yil oʻtdi, bugun Vebsterning Toshkent shahridagi filiali nafaqat Oʻzbekiston, balki Markaziy Osiyodagi AQSHning birinchi taʼlim loyihasi sifatida muvaffaqiyatli ish olib bormoqda. Bu loyihani mintaqadagi AQSH va Yevropa standartlari asosida taʼlim beradigan oʻziga xos markaz deb bemalol aytishimiz mumkin.
Muzokaralar yakunida hamkorlikda malakali kadrlar tayyorlash koʻlamini kengaytirish, respublikadagi boshqa oliy taʼlim muassasalarida ham qoʻshma taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyishda amaliy harakatlarni kuchaytirishga kelishib olindi.
Maʼlumot uchun, Vebster universiteti 1915-yilda AQSHning Sent-Luis shahrida tashkil topgan. Hozirgi kunda universitet 4 ta qitʼadagi 9 davlatda (AQSH, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Shveysariya, Avstriya, Gretsiya, Xitoy, Tayland va Oʻzbekiston) 62 ta shaharda oʻz faoliyatini olib boradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan tashkil etilgan Toshkent shahridagi Vebster universiteti taʼlim dasturlarini amalga oshirish markazi 2019-yil 26-avgustda 350 nafar talaba bilan oʻz faoliyatini boshlagan boʻlsa, bugungi kunda filialda 1000 dan ziyod, shu jumladan xorijlik talabalar ham tahsil olmoqda.