AQSHning “Warner Bros. Discovery” kompaniyasi bilan turizm sohasida hamkorlik yoʻlga qoʻyildi

    Turizm 30 Sentabr 2024 116

    Oʻzbekistonning turizm salohiyatini AQSH va Yevropa davlatlarida keng targʻib qilish maqsadida dunyoga mashhur “Warner Bros. Discovery” kompaniyasi bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.

    Ushbu loyiha doirasida 5 oy davomida kino, televideniye, sport, turizm va yangiliklar sohasida jahon yetakchisi boʻlgan “Warner Bros. Discovery” oʻzining mashhur “Discovery Channel”, “Travel Channel”, “YouTube Channel” kanallarida Oʻzbekistonning turizm salohiyati haqida 30 soniyalik videoroliklarni namoyish etadi.

    Ushbu telekanallar sayohat va turizmga qiziqqan tomoshabinlar orasida koʻproq ommalashgan.

    “Warner Bros. Discovery” xalqaro kompaniyasining global turizm media platformasidan foydalanish nufuzli va katta taʼsir kuchiga ega xalqaro auditoriyada Oʻzbekistonga nisbatan xayrixohlikni kuchaytiradi va yaqin kelajakda Oʻzbekistonga yanada koʻproq xorijiy sayyohlarni jalb qilishga xizmat qiladi.

    Taʼkidlash joizki, “Warner Bros. Discovery” — Amerikaning transmilliy media va koʻngilochar konglomerati. Kompaniya dunyodagi eng yirik media tarmoqlardan biri boʻlib, 220 mamlakatda 1,5 milliard tomoshabinni qamrab oladi va oʻz foydalanuvchilariga turli platformalar orqali dunyo boʻylab 51 dan ortiq tildagi kontentni taqdim etadi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.