Adiblar xiyobonida haykallari oʻrnatilgan atoqli yozuvchi va shoirlarning hayoti va ijodini yosh avlod ongiga chuqur singdirish, ularning ijodini munosib oʻrganish hamda targʻib qilish boʻyicha Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti tomonidan oʻzbek adabiyotining ulkan namoyondasi, atoqli adib Abdulla Qodiriy haykali poyida “Abdulla Qodiriy hayoti va ijodi yoshlar tarbiyasida” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbarining birinchi oʻrinbosari pedagogika fanlari doktori, professor Muhammadjon Quronov, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoira Ozoda Bekmurodova, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Maʼnaviy-axloqiy tarbiya boʻlimi boshqarmasi boshligʻi O. Bozorov, TDTU professor-oʻqituvchilari hamda talaba-yoshlari ishtirok etishdi.

Tadbirni TDTU Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektori Murod Atamuratov ochdi va sevimli yozuvchimiz Abdulla Qodiriy haykali poyiga gul qoʻyish marosimi oʻtkazildi. Soʻzga chiqqanlar Abdulla Qodiriyning hayoti va ijodi, adib tomonidan yozilgan asar va romanlar yaralish tarixi, asarlarining yoshlar tarbiyasidagi roli va ahamiyati haqida talabalarga soʻzlab berdi.

Tadbirda Mexanika va Mashinasozlik fakultetlari yoshlar bilan ishlash boʻyicha dekan muovinlari, professor-oʻqituvchilar hamda talaba-yoshlarining faol chiqishlari alohida eʼtirofga sazovor boʻldi.

Bahrom Ibragimov,

TDTU Mashinasozlik fakulteti

Yoshlar bilan ishlash boʻyicha dekan oʻrinbosari