Sifati kafolatlanmagan sitrus mevalarni yurtimizga noqonuniy olib kirishga boʻlgan urinishlarga qarshi bojxona organlari tomonidan keskin kurash olib borilmoqda.
Davlat bojxona qoʻmitasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida «Namangan-Toshkent» yoʻnalishi boʻyicha harakatlanayotgan fuqaro Sh.D. boshqaruvidagi «Isuzu» rusumli yuk avtotransporti toʻxtatilib, oʻrnatilgan tartibda xolislar ishtirokida koʻzdan kechirildi.
Natijada, avtomashina yukxonasida 220 dona qutiga joylangan umumiy qiymati 200 million soʻmlik Argentinada yetishtirilgan 3500 kilogramm limon sitrus mevalari borligi aniqlandi.
Tezkor tadbir davomida ushbu sitrus mevalar aslida fuqaro Yu.Gʻ.ga tegishli ekanligi va uning rejasi boʻyicha olib kelinayotgani maʼlum boʻlgan.
Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.