Joriy yilning 20-fevral kuni Prezidentimiz raisligida “Ijtimoiy himoya sohasidagi xizmatlar qamrovini yanada kengaytirish boʻyicha ustuvor vazifalar” toʻgʻrisida videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda vazirlik va hudud rahbarlarga yil yakuniga qadar barcha byudjet tashkilotlariga 20 ming nafar, banklarga kamida 1 ming nafar nogironligi borlarni ishga qabul qilish topshirigʻi berildi. Bu nogironligi boʻlgan shaxslaga juda katta imkoniyat eshigini ochib beradi.

2017-yilning 1-dekabrida esa “Nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi prezident farmoni imzolangan edi. Ushbu hujjatga koʻra, oliy taʼlim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy sonidan nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qoʻshimcha ravishda ikki foizli kvota ajratildi. Mana shu oʻtgan davr ichida koʻplab nogironligi boʻlgan shaxslar imtiyozdan foydalanib, oliy maʼlumot egasi boʻlmoqda. Birinchilardan, ushbu imtiyozdan foydalanib talabalik baxtiga erishgan yoshlar hozirda mustaqil hayotga qadam qoʻydi.

Lekin ularning aksariyat qisimini qiynayotgan bir muammo bor. Oʻzlari uchun qulay sharoitga ega joyda ishlashi va mehnat qilishi. Albatta, hozirda koʻplab xususiy korxonalarga xodimlarining 50 foizida nogironlik boʻlgan tadbirkorlarga davlat buyurtmachilari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzish imkoniyati berilmoqda. Shuningdek, korxona, zavod va firmalarga ham soliq imtiyozlari yaratilgan. Bu imkoniyalardan baʼzi bir toifaga kiruvchi nogironligi boʻlgan shaxslar foydalana olmaydi.

Shu sababli Nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat fuqarolik xizmati lavozimlaridagi davlat organlari vakolatlari amalga oshirilishini taʼminlashga doir haq toʻlanadigan kasbiy faoliyati bilan shugʻullanishi uchun sharoit yaratib berishimiz kerak. Hozirda davlat fuqarolik xizmatiga kirish tanlov asosida oʻtkaziladi. Ayni paytda Argos.uz sayti orqali 14 560 ta tashkilot 449 ta ish oʻrni bilan, 398 455 ta nomzod rezyumelari bilan tanlovdan oʻtmoqda. Tizimni ishlashi, talabgorlarni saralab olish shakli juda ham yaxshi, ammo bu talablarning asosiy qismiga nogironligi boʻlgan shaxslar toʻgʻri kelmaydi. Fikrimcha, vazirlik va idoralar uchun ajratilgan kvotalarga nogironligi boʻlgan shaxslar Argos.uz portali orqali alohida saralab olinishi kerak.

Obloberdi OLIMOV,

Oʻzbekiston XDP Fargʻona viloyat kengashi raisi oʻrinbosari