Aniqlanishicha, joriy yil 23-24-aprel kunlari Jizzax viloyati Arnasoy tumanida uyushmagan yoshlar oʻrtasida “Quvnoqlar va zukkolar” respublika koʻrik-tanlovi oʻtkazilib, ushbu videorolik tuman madaniyat markazi rejissyori B.Ayyubov tomonidan hududdagi Gʻafur Gʻulom, Gʻoliblar, Bobur va Oltin vodiy mahalla fuqarolar yigʻinlari yoshlaridan iborat “Shovvozlar” terma jamoasi uchun maxsus suratga olingan.

Shundan soʻng bu lavha mazkur jamoa aʼzolarining ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifalariga “Quvnoqlar va zukkolar uchun maxsus” tag soʻzi ostida joylangan. Ammo keyinchalik ayrim blogerlar tomonidan notoʻgʻri talqin qilingan holda internet tarmoqlariga tarqatib yuborilgan.

Yaʼni, ushbu videolavhada aks etgan noxush holatga mamlakatimiz tez tibbiy yordam tizimi, xususan, Arnasoy tuman tibbiyot birlashmasi tez tibbiy yordam brigadasi xodimlarining mutlaqo aloqasi yoʻq.

Shu bois vazirlik fuqarolardan ijtimoiy tarmoqlarda tibbiyot xodimlari obroʻsiga putur yetkazadigan bu kabi asossiz axborot va videolavhalarni tarqatmasliklarini soʻrab qoladi.

Eslatib oʻtamiz, oʻtgan 2021-yil mamlakatimiz tez tibbiy yordam xizmatiga jami 12 million 560 ming 749 ta chaqiriq kelib tushgan boʻlib, bemorlarga 2694 ta tez tibbiy yordam brigadalari tomonidan tezkor va sifatli tez yordam koʻrsatildi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi  matbuot xizmati.