Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tomonidan “Arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokamasiga bagʻishlangan seminarda maʼlum qilindi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Fanlar akademiyasi olimlari, Turizm va sport vazirligi xodimlari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, yurtimiz hududida davrlar va buyuk voqealar nishonalarini saqlab kelayotgan koʻplab tarixiy va madaniy yodgorliklar mavjud. Meʼmoriy durdonalar, arxeologik yodgorliklar, noyob topilmalar, shuningdek qadimgi donishmandlik va diniy dunyoqarash xususiyatlari bilan uygʻunlashgan elatlar va qabilalarning turli xil urf-odatlari, anʼanalari Oʻzbekiston xalqining fan va madaniyat boyligiga aylangan.

Mazkur qonun loyihasi sohadagi mavjud muammolarni hal qilish, qonunchilikdagi boʻshliqlar va qarama-qarshiliklarni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqilgan.

Loyihada ilmiy asoslangan terminologiyani aks ettirish, arxeologik yodgorliklarning yagona elektron davlat reyestrini joriy etish, davlat qoʻriqxonasini yaratish orqali arxeologik joylar va arxeologik buyumlarni hisobga olish tizimini isloh qilish masalalari oʻz aksini topgan. Bu oʻz navbatida, Oʻzbekistonning arxeologik merosini har tomonlama saqlash, tarixiy-madaniy meros obyektlarini oʻrganish, ularni davlat tomonidan muhofaza qilish va ommalashtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishda muhim omil boʻladi.

Qonun loyihasida shuningdek, moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, ilmiy oʻrganish, ulardan oqilona foydalanish va yurtimizning sayyohlik salohiyatini oshirishda ularning oʻrni va ahamiyatini oshirish hamda moddiy madaniy meros sohasidagi davlat nazoratini tubdan takomillashtirish belgilanmoqda.

Madaniy meros jamiyat asosini, xalqimizning avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan maʼnaviy qadriyatlari va anʼanalarini mustahkamlaydigan omil hisoblanadi. Tarixiy va madaniy yodgorliklar har bir odamga taʼsirini koʻrsatib, oʻziga maftun qiladi va gʻururlantiradi. Shundan kelib chiqib, deputatlar loyihadagi ayrim moddalarni chiqarib, ularning oʻrniga toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan normalarni qoʻshish taklifini bildirdilar.

Seminarda deputatlarning savollariga tegishli vazirlik va idoralarning mutasaddilari batafsil javoblar berishdi. Shuningdek, qoʻmita aʼzolari tomonidan qonun loyihasini takomillashtirish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar berildi.

Tadbirda qonun loyihasi yuzasidan bildirilgan taklif va tavsiyalar umumlashtirilib, loyihani takomillashtirish jarayonida koʻrib chiqiladigan boʻldi.