“Men bu asarni o'tgan asrning eng qora kunlariga qaytib, jadid momolarimiz bilan birga yonib, kuyib, mustabid tuzum qamoqxonalarining zax erto'lalarida faryod chekib yozdim. Ular nima uchun bunchalar qattiq azob va g'am chekdi? Millatni ozod ko'rish, ma'rifatli va baxtli kunlar tezroq kelishi uchun o'z umrini qurbon qilishgan jasoratli ayollar edi”, deydi she'riy roman muallifi Sharifa SALIMOVA.
– Sharifa opa, millatimiz ertasi, ozodligi uchun bir safda kurashgan jadid ayollar va ularning achchiq qismati barchamizni o'ylantirib kelayotgan juda og'riqli mavzulardan biri hisoblanadi. Siz ushbu og'ir mavzuga qo'l urib, jadidlarning onalari, ayollari, singillari boshiga tushgan qora kunlarni yoritishga, ayni mavzuni qalamga olishingizga nima turtki bo'ldi?
– Chindan ham bu mavzu o'zbekman degan har bir insonning ko'ksini o'yadigan, jarohatlarimizni tirnab, qon sirqiratadigan savollari ko'p mavzudir. Aslida bu ayollar jasoratini, matonatini ta'rif etmoqqa qalamlarimiz siyohi etmaydi. Agar yurtimizdagi barcha ijodkorlar bir umrlik ijodiy mahsullarini bag'ishlasalar ham jadid momolarimiz chekkan bir soatlik iztirobga teng kelarmikan... Men parlamentda “Oila va xotin-qizlar muammolari” komissiyasi raisi bo'lib ishlaganimda jadid xotin-qizlar hayoti bilan qattiq qiziqdim va akademik olimimiz Naim Karimov bilan bog'lanib “Qor qo'ynida lolalar” deb nomlangan bir kitob tayyorlaganmiz. O'sha kitobga ayol ijodkorlarning jadid bobolarimiz va momolarimiz haqida yozilgan barcha ocherklari va maqolalarini jamlagan edik. Mana shu kichik bir loyihani tayyorlagan chog'imda anchadan beri meni iztirobga solib kelayotgan dardlarga malham qo'yilgandek bo'ldi. Lekin o'sha taskin vaqt o'tishi bilan yana olovlana boshladi. Axir biz ham ularga munosib avlod bo'lishimiz kerakligini unutmasligimiz lozim. Hayot, umr oqar suvdek tez o'tishini o'z qalbimiz va og'riqlarimiz bilan sezdik. Va angladikki, eng oliy saodat millat sharafi, sha'ni uchun mehnat qilmoqlik, yashamoqlikdir. Ana shu mas'uliyat yo'lidagi izlanishlarimni yangi she'riy roman orqali davom ettirganimdan xursandman.
– Romanda Maryam Sultonmurodova, Xayriniso Majidxonova kabi o'nlab ayollarimizning achchiq qismatini ularning maktublari, xotiralari, tarixiy dalillar bilan ifodalagansiz. Badiiy bo'yoqlar bilan davr fojialarini ochib berishga harakat qilgansiz. Ana shu maktublarda haligacha oshkor qilinmagan ma'lumotlar borligi bizni ajablantirdi...
– Nimasini aytasiz.... Asarni yozayotgan chog'imda bu ayollar qismatiga ruhan ro'baro' keldim, mashaqqatlarini his etib o'rtanib ketdim. Bildimki, ular tortgan azoblar erkaklarnikidan zarracha kam emas. Millat dardi bilan ulug' yo'lga otlangan pahlavon o'g'loni qismatidan kuygan onalar dodini aytasizmi... Ulkan maqsad yo'lida jon berishga shay bobolarimizning oqila va matonatli turmush o'rtoqlari hayvondan battar yovuz insonlarning qanday xorliklari va zo'rliklariga ro'baro' kelganini o'qib kechalari to'lg'ondim, uyat va nomusdan o'rtandim. Mehribon va jonkuyar opa-singillarning mard va jasur akalari uchun o'z oilalaridan judo bo'lganlari, sargardonlikda qolgan bo'lsa-da, jigarlaridan voz kechmaganliklarini o'qiganimda titradim...
Taniqli va olovqalb o'zbek jurnalisti Maryam Sultonmurodovaning hayotiga nazar tashlaganimizda u kabilar bosib o'tgan yo'llar, qatag'on dahshatlari taningizni muzlatib yuboradi. Ko'ksiga olti oylik dilbandi – Anora ismli qizalog'ini bosib, emizib o'tirgan ayolda nima ayb? Tongda bostirib kirib, ona ko'kragidan bolani yulib olish...Qo'llarini qayirib, sen Vatan xoinisan, deb olib ketish, tergov paytlarida o'sha olti oylik qizaloqni o'rtaga qo'yib, qo'rqitish, tuhmat bilan bo'yalgan qog'ozlarga qo'l qo'yishga majburlash...
Bu cheksiz azobni ko'tarish oson bo'lganmi... “Xayriniso, aziz dugonam, meni Magadanga surgun qilishdi. Poezdda ketayapman hozir... Bu so'ngsiz azoblardan hatto ko'ksimdagi sut ham muzlab qoldi. Bilmadim, bu mudhish poezd meni qaysi qorong'u o'lkalarga olib ketmoqda. Bilaman, bu maktubim senga etib bormaydi. Diydor qiyomatga qoldi. Mendan rozi bo'l, do'stim”, deb yozadi o'z maktubida Maryamxon.
Asarni yozayotganimda ko'pincha ko'zoynagim ko'z yoshlarimdan xira tortib qoldi. Men ayollarimizning o'y-xayollari, armonlari, tortgan azoblarini badiiy bo'yoqlarda tasvirladim. Xayolot, tasavvur kuchiga tayandim.
“Dugonajon, bizning aybimiz hur fikrlaganimiz, xalqimizni ma'rifatli va ozod ko'rishni istaganimizmi...Bu qismat qanchalar achchiq bo'lmasin, sharaflidir. Shunday taqdir uchun Allohdan roziman. esingdami, xorijga borganimizda birgalikda kuylagan qo'shiqlarimiz. Adabiyot va she'riyat haqida gaplashib, shoir Botu senga bag'ishlab yozgan she'rini jo'r bo'lib o'qiganimiz. “ehtiyot bo'l, go'zal qush” degan joylari bor ediya... Bejiz emas ekan o'sha gaplar... Sen o'shanda menga albatta Alisher Navoiydan tarjima qiling, deya tayinlagan eding...”
Magadanda surgunda kechgan zaharolud kunlar... Maryamxonning sovuqdan shishib ketgan oyoqlari... Isitma ichida qovrilib yotishlar... U go'yo inson emas, u go'yo ayol emas, vatan xoini, degan tavqi la'natga duchor bo'lgan mahbus... Ochlikdan sillasi qurib holdan toygan mahbuslarni avval miltiq qo'ndog'i bilan turtib do'q urishadi, shunda ham o'rnidan turmasa itdek otib tashlashadi. Quyosh botishi oldidan esa... jasadlar kuraklar bilan o'lim vagonlariga ortiladi. Qanchalar alamli bu holatlar... Jasadlar Sibir o'rmonlariga olib borilib, qazilgan tubsiz o'raga kuraklar bilan irg'itib tashlanadi. Hatto bu o'raning ustiga tuproq ham tortilmaydi.
Bu yozuvlarni men o'z ko'zlarim bilan o'qidim, faktlarni solishtirdim, biron joyda xatolik ketmasligi uchun adolat tarorzusiga solib borini xolis yozishga harakat qildim. Maryamxon surgunda yurak kasali, bod kasali, nafas yo'llari kasalliklarini orttiradi. Shunday bo'lishi aniq edi-da..
Surgundan qaytib kelganida ham hali bolalari diydoriga to'ymasdan yana unga qarshi ish ochishadi. Bu paytda bolalari Anora va o'g'li Po'latjon bolalar uyida yashagan. Maryamxon bolalari bilan ko'rishmoqchi bo'lganida ular paxta dalasida ekanini aytishadi. “Revmatizmdan oyoqlari shishib ketgan onajonim paxta paykali chetiga kelganida men uni taniy olmadim. Paykalning o'rtasida turganimcha qotib qoldim. Menga etib kelib bag'riga bosar-bosmay onajonimga yana do'q ura boshlashdi. Ko'p gaplashmasligimiz keraklini uqtirishdi. Onam hech bo'lmasa bir kecha shu paxta dalasida qizim bilan birga qolay deb rosa yalindi, afsuski, ular ona faryodiga quloq tutadigan odam emasdi... Hali bir-birimizdan hol so'ramasimizdan ikkalamizni ikki yoqqa ayirib olib ketishdi. Bu azoblar meni tez ulg'aytirdi. Onamga qanchalar intizor yashab o'tganimni tasavvur ham qila olmaysiz...”, deb yozadi Anora o'z xotiralarida.
– Tarix sahifalarini varaqlasak, jadid bobolarimizning ma'rifatparvar va erkparvar bo'lib voyaga etishlarida ularning onalari muhim o'rin tutganiga guvoh bo'lamiz. Shu bois, jadidlar millat farzandlarini “sochi paxmoq, qo'li to'qmoq ayollar” emas, ziyoli, saranjom va latofatli ayollar tarbiyalashini istashgan. Mustabid tuzumning ma'rifatga intilgan ayollarni tag tomiri bilan yo'qotishga kirishgani bejiz bo'lmagan...
– Qatag'on yillarida sobiq SSSR bo'yicha 46 millatga mansub ziyolilar qamalgan va otib tashlangan ekan. Men bu ma'lumotlarni Soljenitsinning mahbus ayollarning mehnat tuzatuv lagerlari haqida yozilgan “Arxipelag GULAG” deb nomlangan asarida ham o'qidim. Mazkur lagerlarga olib kelingan ayollarning aybi bor-yo'g'i yangicha fikrlagani, jadidlarning turmush o'rtog'i, opasi yoki singlisi bo'lganidir.
Xayriniso Majidxonovani olaylik, uning otasi ham o'sha davr ziyolilaridan edi. Ma'rifatparvar inson bo'lgani bois qizini xorijga o'qishga yuboradi. Chet elga boradigan xotin-qizlar ro'yxatiga uning qizi ham kiritilganiga shunchalar xursand bo'ladiki, hatto mahalliy matbuotga maqola yozib e'lon qiladi. “Fayzulla Xo'jaev, Akmal Ikromovlar to'g'ri aytishyapti. Yoshlarimiz xorijga borib ilm o'rgansin, tajriba oshirsin va ular yurtimizga kelib olgan bilimlaridan xalqimizni bahramand qilsin. Toza oqar suvdan bahramand bo'lganday olimlarimiz bilimli yoshlarimiz amalga oshirgan loyihalardan bahramand bo'lsin, millatimiz, xalqimiz yuksalsin”, deydi. Xayriniso Germaniyaga o'qishga borib kelgach, ota-onani ham, qizini ham hibsga olishadi. Va hali javob bermasingdan seni o'ldiradigan savollarni berishadi: “Nima maqsadda xorijga bording? Sen xalq dushmanisan, chet el kuchlari yollagan josus ekaningni tan olasanmi? Olib kelgan kitoblaringni qaerga yashirding?” Bunday munosabatdan Xayrinisoning rangi bo'zdek oqarib ketadi. Bir so'z aytishga majoli qolmaydi. Qatag'on iskovuchlari hamma xonalarini titkilab Gyote asarlari bo'ladimi, Cho'lpon asarlari bo'ladimi, barcha-barchasini hovli o'rtasiga qo'yib yoqib yuborishadi. Xayriniso bu holatga chidab tura olmaydi: “To'xtang! Yoqmang! Bu kitoblarni men ne zahmatda to'plaganman – ular mening noyob boyligim!”, deydi bor ovozi bilan. Xayrinisoni olib chiqib ketishayotganida onasi NKVD xodimlari yo'lini to'sib: “Qizimni qo'yib yubor, yovuzlar! Noinsoflar!” deya baqiradi. Ular esa mushtipar onani tepib o'tib ketishadi. Majidxon aka shu ondayoq bu ishlarning qanday tugashini oldindan sezadi va turmush o'rtog'iga qarab alam bilan: “Qizingdan ayrilib qolding, onasi!” deydi.
Xayriniso olib ketilganidan so'ng ikki yilgacha ota-onasi undan darak topisholmaydi. Majidxon aka va uning ayoli qizlarini izlab tegishli organ binolariga borishganida ularni ichki xonaga aldab olib kirib do'pposlashadi, xo'rlashadi. Xayrinisoning o'limi oldidan yozgan xati bor. “...Men oyning nafaslariga mushtoqman. Qaniydi hozir bolalik chog'larimga butunlay qaytib ketsam. Tuproq ko'chalarda jamalaksoch dugonalarim bilan shodon qiyqirib o'ynasam, olmalarni oqizgan zilol ariqlar bo'yida xayol surib o'tirsam... Sevikli yorim bilan uchrashgan daqiqalarga qaytib uning qadamlariga eng muattar gullarni poyandoz qilib qo'ysam... Onajon, alvido, mehribonim, men dunyoga kafansiz kelgan edim, oxirida ham kafansiz ketyapman. Axir bu yorug' dunyoda umidlarim juda ko'p edi-ku!”
Xayrinisoni devorga suyanib xayol surib turganida otib tashlashadi. Devorga sachragan gul siyohli qon izlarini tasavvur qilar ekanman, bu holatni tasvirlab yozgan kunim tuni bilan bedor yurib chiqdim.
– Stalin oxirgi marta o'tkazgan yig'ilish qaroriga ko'ra, O'zbekistondan 130 ga yaqin odam otuvga belgilangan ekan. Mazkur qaror ro'yxatida Fayzulla Xo'jaev ham bo'lgan...
– Fayzulla Xo'jaevning turmush o'rtog'i Malika Xo'jaeva juda katta boyning, buxorolik savdogarning gul bilan elpib o'stirgan arzanda qizi bo'lgan. Har qancha erka bo'lmasin, Fayzulla Xo'jaevning boshiga tushgan har bir ko'rgulikda bu ayol sadoqati va matonati bilan ibrat ko'rsatgan. Otasi qamalgach, qizi Viloyat Xo'jaeva Stalin yoniga kirmoqchi bo'ladi. Unga ruxsat berishmaydi, juda qattiq haqorat qilib qabulxonadan chiqarib yuborishadi. “Sening ahvoling bundan ham battar bo'lishi mumkin!” deya tahdid qilishadi. 16 yashar qiz ularning bu muomalasini ko'rib, qattiq iztirobga tushadi.
Malika opa lagerda og'irlashib qolgan kezlarida Fayzulla Xo'jaevning ruhi bilan uchrashadi. Bu uchrashuv lahzalarini ta'rif etish, yozish uchun juda azob tortdim. Juda og'ir bo'ldi... SHu jarayonda Xadicha Alieva, Sobira Xoldorovalarning ham arxivlari bilan tanishib chiqdim. Har bir mayda detalgacha yoritishga, e'tiborga olishga harakat qildim. Bu lagerlarda bo'lgan har bir ayolning hayoti bir katta fojiaviy roman deyish mumkin. Bilasizmi, romanni yozgan kezlarim dahshatli voqealar, qirg'inlar o'tovida yolg'iz qolib ketgandek bo'ldim. Kunduzgi o'qigan vahimali ma'lumotlarim tushlarimga, tushlarim arxiv materiallariga bog'lanib ketgan edi.
– E'lon qilingan ma'lumotlarga ko'ra, Sibir`, Magadan, Kolima va boshqa lagerlardagi mahbuslar soni juda katta raqamlarni tashkil qilgan ekan. Aslida bu ro'yxatlarga kirmay qolgan odamlar soni anchagina bo'lsa kerak...
– Albatta. Qatag'on mashinasi hech kimga shafqat qilmagan. Bu haqda juda ko'p asarlar yozilgan, kinolar olingan. Haligacha o'rganilmoqda. O'sha tuzum davrning eng kuchli tafakkur sohiblarini bug'doy boshog'idek o'rib, qismatiga chang solgan bo'lsa, vaqt keldiki, ularning pok nomi oqlanib, yana o'z xalqi bag'riga qaytdi. Ularning “aybi” o'z Vatanini hur, ozod ko'rmoqchi ekanliklarida edi. Allohga shukurlar bo'lsinki, biz ulug'larimiz orzu qilgan mustaqil, ozod, hur Vatanimizda yashayapmiz.
Shu bilan birga, Rossiyada e'lon qilingan nashrlarda ham ushbu lagerlardagi hayot va tartib-qoidalar to'g'risida bitilgan ko'plab sahifalar bor. Jumladan, oltin konlarida mahbuslar azonda soat 5 yarimda turib kechgacha ishlagani, yarim soat ovqatlangach, 25–30 daraja sovuqda ishni davom ettirganlari yozilgan. Ishchilarga nomigagina ovqat berishgan. Bu konlarda qancha mahbuslar ishlagani va qanchasini erto'la bosib o'lib ketgani doim ham ro'yxatga kiritilmagan.
– Jadid ayollar bilan bog'liq har qanday ma'lumot va voqelik qalbimizni titratadi. Bir suhbatimizda izlanishlar jarayonida siz ilgari eshitmagan, qalbingizni ingratgan ikki ma'lumot borligi, ular haqida keyinroq so'zlab berishingizni aytgandingiz.
– Mustabid tuzumning asosiy niyati jadid bobolarimizning sha'nini toptash, ularni butun avlodi bilan yo'q qilib yuborish edi. Bobolarimizdan birining turmush o'rtog'i haqida quyidagi ma'lumotni o'qiganimda yuragim sanchib, nafas ololmay qoldim. U ayolning beshta farzandi bo'lgan. Bechorani hibsga olib, “Nega aytganimizni qilmading, ering bosgan qadamlardan bizni boxabar qilib turmading”, deya so'roq qilishgan. Tergovdan so'ng turmush o'rtog'ini sotmagan matonatli ayolning ruhini sindirish uchun erkaklar qamoqxonasiga qamab qo'yishgan. Oradan 9 oy o'tib undan qizcha tug'iladi. Unga Mahkuma deb ism qo'yishadi. SHu ma'lumotni o'qiganimda etti osmon boshimga qulab tushgandek bo'ldi. Qamalgan xotin-qizlarning farzandlarini bolalar koloniyalariga joylashtirib, ularning xotirasidan ota-onasi haqidagi barcha xotiralarni yo'q qilib tashlashgan. Sovet davrining sodiq odamlari qilib tarbiyalashgan.
Dahshatli yana bir ma'lumot shuki, mahbus ayollarni otadigan killer, ya'ni qotillarni tanlab olishgan. Moskvadagi arxivlarni sinchiklab o'rganganimda bunday odamlar haqida ma'lumotlar bir necha nashrlarda yozilganiga guvoh bo'ldim. Tanlab olingan jallodlarni to'ydirib ichirishgan, mastligini sezdirmaslik uchun atir sepdirib, yaxshi kiyimlar kiydirib ko'chalarga maxsus manzillarga joylashgan. Mahbuslar go'yoki bir joydan boshqa joyga ko'chirilayotganida o'sha qotillar ovozi chiqmaydigan qurolni ishlatib, qon chiqmaydigan joylarini nishonga olishgan. Hatto kim ko'p odam o'ldirishga musobaqa o'ynashgan. eng ko'p odam o'ldirgan qotillarni rag'batlantirishgan. Odamxo'r mal'unlarning bu ishini o'z xotinlari ham sezishmagan. Ular esa shu ishidan topgan puli bilan bola-chaqasini boqqan. Bir necha yillar o'tgach, o'sha qotillar o'z og'zi bilan interv`yu ham berishgan ekan. Mana o'zimizning Alvastiko'prikda ham birovlar eshitmasin deb traktorlarni tirillatib qo'yib yarim kechasi millatimizning eng sara ziyolilarini otib tashlashgan-ku!
She'riy romanni yozib tugatgach, shahrimiz ko'chalarida piyoda odimlab, yigirmanchi asr va yigirma birinchi asr dunyosi, ruhiyatini xayolimda chog'ishtirdim. Yosh, navqiron nihollari azamat daraxtlarga aylanayotgan Adiblar xiyobonini kezarkanman, mamlakatimizning muqaddas, qutlug' go'shalarini ziyorat qilar ekanman, bir haqiqatni yanada teran angladim. Inson vujudi tuproqqa qaytadi, biroq uning bedor va hushyor ruhiyati o'lmaydi! Bugungi kunda bo'layotgan ulkan voqeliklarda bir-biridan jasur, bilimli, millatparvar zamondoshlarimni kuzatib, hayajonlanib ketaman. Ulardan birining nigohida Cho'lponning yoniq yuragi urib turibdi. Birining yuragiga Usmon Nosirning hayratga to'la misralari o'z otashi bilan kirib bormoqda. Yana biri dadil qadamlari bilan xuddi Fayzulla Xo'jaev kabi ulkan maqsadlar sari shaylanmoqda. Ana shu ruhiyat borligi, tirikligini his qilganim, ijodkor sifatida qalbim buyurgan, zimmamga yuklangan vazifani baholi qudrat bajarganim uchun ham ko'nglim bir darajada taskin topadi.Ulug' jadid bobolarimiz, momolarimiz bugungi kunni intizor kutgan edilar. She'riy romanimizga esa asl bahoni aziz va qadrli muxlislarimiz beradi.
– Bir she'ringizda “Ayollari uyg'onmasa, uyg'onmas millat”, degan misralaringiz bor. Shu ma'noda, millat ravnaqi, kelajagi uchun jon kuydirayotgan har bir o'zbek ayoli jadid momolarimiz sabog'idan ibrat olgusidir. Tariximizning o'qilmagan bunday sahifalarini tiklash yo'lidagi o'ziga xos bu asaringiz uchun sizga rahmat.
“Yangi O'zbekiston” muxbiri
Muxtasar TOJIMAMATOVA suhbatlashdi











