Jahongir Ortiqxo‘jaev boshchiligidagi Toshkent shahar hokimligi mutasaddilari Ashxobod shahri tashkil etilganligining 140 yilligi munosabati bilan Ashxobodning do‘stona va qardosh shaharlari merlari (hokimlari) ishtirokidagi xalqaro videokonferensiyada ishtirok etdi.

Tadbir videokonferensiya formatida bo‘lib o‘tdi va masofa uzoqligiga qaramay, Turkmaniston, Ozarbayjon, AQSh, Xitoy, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiya kabi davlatlarning shaharlarining hokimlarini birlashtirdi.

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev o‘z chiqishida ishtirokchilarni Ashxobodning 140 yilligi bilan tabrikladi, Toshkent va Ashxobod 2017-yildan beri qardosh shaharlar ekanligini ta’kidlab, bunga yaqqol dalil tariqasida qator omillar xizmat qilishini aytdi: Toshkentda «Ashxobod» istirohat bog‘ining qurilishi, turkman shoiri Mahtumquli haykalining ochilishi, poytaxt ko‘chalaridan biriga uning nomi berilishi. Shuningdek, u buyuk o‘zbek shoiri va davlat arbobi Alisher Navoiyga Ashxobodda o‘rnatilgan haykal va uning nomiga atalgan ko‘cha haqida eslatib o‘tdi. Yaqinda Ashxobod shahrida «Toshkent» istirohat bog‘i ochilishini ham qo‘shimcha qilib o‘tdi.

Ta’kidlash joizki, uchrashuv davomida ishtirokchilar oq marmarli binolar va ulkan haykallari bilan mashhur Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahri hozir rivojlanishning yangi bosqichiga ko‘tarilganini bir ovozdan ta’kidlashdi. Ajoyib me’moriy obidalar bilan bir qatorda zamonaviy infratuzilmani, innovatsion me’moriy yechimlarni birlashtirgan shahar tinimsiz rivojlanib, o‘sib bormoqda. Qator davlatlar shaharlarining rahbarlari ishtirokidagi ushbu onlayn uchrashuv – Ashxobod va qardosh hamda do‘stona shaharlar o‘rtasidagi munosabatlar rivoji hamda hamkorlik yo‘nalishlari kengayishi yo‘lidagi yana bir qadam, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.