Besh oydirki, aholining aksariyat qatlami ishsiz, daromadsiz qoldi. Koʻplab korxonalar faoliyatida tanaffuslar yuzaga keldi. Oilaning bir oygina daromadidagi uzilishlar keyingi bir necha oyga ham salbiy taʼsir koʻrsatishini hayotning oʻzi isbotlab berdi. Karantin cheklovlarining yumshatilishidan asosiy maqsad – aholi va oilalar iqtisodini qayta tiklanishiga va oldinda turgan kuz va qish mavsumlari uchun tayyorgarlik koʻrilishiga imkon yaratishdir.

Prezidentimiz tomonidan shu yil 17-avgustda oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida mamlakatimizdagi pandemiya bilan bogʻliq vaziyat tahlil qilindi va xalqimiz ortiqcha qiynalmasligi uchun, fuqarolarning murojaatlaridan kelib chiqib karantin talablari yumshatilgani, lekin endi aholi jamoat joylarida koʻproq boʻlishi sababli COVID-19 tarqalishi xavfi sezilarli darajada oshishi eslatib oʻtildi. Shu bois odamlarga yana-da masʼuliyatli boʻlib, oʻzlarini va yaqinlarini virusdan himoya qilish boʻyicha talablarga qatʼiy amal qilishlari kerakligini tushuntirish, amaliy yordam berish va nazorat qilish lozimligi aytildi.

Yigʻilishda Prezidentimiz: “Har bir fuqaroning sogʻligi va hayoti biz uchun muhim. Biz xalqimizni koronavirus balosidan asrab qolish uchun barcha kuch-imkoniyatlarni ishga solayapmiz, jahondagi eng ilgʻor davolash tajribalarini olib kelayapmiz”, degan fikrni alohida taʼkidlab oʻtdilar.

Afsuski, ayrimlar uchun karantin talablarining yumshatilishi yana avvalgidek hayot tarziga qaytish deganidek tuyulyapti. Eng yomoni ham shu. Kuzatayotganimiz – ayrim yurtdoshlarimizning koʻchalarda tibbiy niqobsiz yurishi, tanish-bilish, qarindoshlarini koʻrishga oshiqishi, “oʻtirishlar” yoki “gap”larni qoʻmsashi, ziyofatlar uyushtirishi, toʻy va boshqa marosimlarni oʻtkazishga kirishib ketishi, huda-behudaga bozor aylanishlari – bu katta koʻngilsizlikdan, yaʼni yana qayta koronavirus infeksiyasi tarqalishining avj olishidan dalolat beradi. Agar shunday davom etaversak, virusni aslo jilovlab boʻlmaydi. Bizning birgina beparvoligimiz davlatimiz rahbari yuqorida taʼkidlagan keng koʻlamli chora-tadbirlar samarasiga salbiy taʼsir koʻrsatmay qolmaydi.

Koʻzimizni kattaroq ochaylik, karantin tartiblarini butunlay bekor qilgan aksar davlatlarda virus tarqalishi yana qayta kuzatilyapti. Oʻz yurtimizda ham hamon bu kasallik tufayli ogʻir ahvolda qolayotgan bemorlar talaygina. Virusni yuqtirayotganlar soni ham oz emas.

Agar bugun karantin talablariga hech qanday shikoyatsiz, malolsiz amal qilsak, koronavirus atalmish balodan butunlay forigʻ boʻlamiz. Aksincha, karantin qoidalarini mensimay qoʻysak, nafaqat oʻzimiz, balki xalqimiz salomatligini xavf ostida qoldiramiz.

Karantin qoidalari yumshatilishini suiisteʼmol qilishga haqqimiz yoʻq. Aksincha, endilikda har birimiz oʻz-oʻzimizni yana-da ehtiyot qilishimiz, koronavirus infeksiyasini yuqtirib olmaslik uchun yana-da hushyor boʻlishimiz zarur.

Ahmadjon AʼLOXODJAYEV, 
Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi deputati.