Joriy yil 17-fevral kuni Toshkent viloyati IIBBga Toshkent shahrida yashovchi fuqaro R.T. ariza bilan murojaat qilgan. U murojaatida “Dilnura”, “Nodira” va “Aziz” ismli shaxslar Nurafshon shahrida joylashgan (aslida hech qayerda roʻyxatda boʻlmagan) 3 ta hovlini kadastr hujjatlarini qalbakilashtirib, 100 000 AQSH dollariga sotmoqchi boʻlayotganini maʼlum qilib, ushbu shaxslarga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻragan.

Mazkur arizaga asosan, 19-fevral kuni Toshkent viloyati IIBB Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻlimi xodimlari va sohaviy xizmat xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkaziladi.

Tadbir davomida Nurafshon shahrida yashovchi 1980-yilda tugʻilgan Dilnura A. (hozirda firibgarlik, va pora berish jinoyatlari bilan tergov ostida boʻlgan), tanishlari 1997-yilda tugʻilgan Aziz Gʻ. (2019-yilda firibgarlik jinoyati bilan sudlangan), va 1997-yilda tugʻilgan Nodira I.lar ariza muallifidan talab qilingan pullarning 30 000 AQSH dollarini olayotgan vaqtida, viloyat ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan daliliy ashyolar bilan qoʻlga olinadi.

Ushlangan shaxslardan: 30 000 AQSH dollari miqdoridagi naqd pul, Nodira I. va Gulnora A. nomiga rasmiylashtirilgan Nurafshon shahar Navroʻz MFYda joylashgan “18-A” va “18-B” raqamli va Dilnura A. nomiga rasmiylashtirilgan “Istiqlol” MFYda joylashgan 10 raqamli uylarning qalbakilashtirilgan (hokim qaror va boshqalar) kadastr hujjatlari xolislar ishtirokida daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirilib olingan.

Hozirda qoʻshimcha surushtiruv ishlari olib borilmoqda.

Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati