Asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining zaxira hajmi belgilandi

    Agrosektor 17 Oktabr 2020 1623

    2020-yil 15-oktyabrda Hukumatning 648-sonli “2020-2021-yil qish-bahor mavsumida aholi va ijtimoiy soha muassasalarining asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini qondirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” qarori qabul qilindi.

    Qaror bilan 2020-2021-yilgi qish-bahor mavsumiga asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zaxiraga jamgʻarishning umumiy prognoz hajmlari tasdiqlandi.

    Unga koʻra, 4 ta asosiy turdagi (kartoshka, piyoz, sabzi, guruch) qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining respublika boʻyicha jami zaxira hajmi 795 ming tonna etib belgilandi.

    Shuningdek, ushbu mahsulotlarni arzon narxlarda zaxiraga jamgʻarish uchun mahsulot ishlab chiqaruvchilar, tayyorlov tashkilotlari va ijtimoiy soha muassasalari oʻrtasida istisno tariqasida toʻgʻridan-toʻgʻri kontraktatsiya shartnomalari tuziladi.

    Qarorga muvofiq, 2021-yil 1-yanvarga qadar zaxiraga jamgʻarilgan mahsulotlarni ichki isteʼmol bozoriga yetkazib berish jadvallari ishlab chiqiladi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

    Mahsulotlarni zaxiraga jamgʻarishda tadbirkorlarning zarar koʻrishini va narxlar oshib ketishini oldini olish maqsadida quyidagilar joriy etiladi:

    - asosiy turdagi mahsulotlarni tashishda yoʻl-transport hodisasi yoki elektr uzilishi sababli mahsulot nobud boʻlishi oqibatidagi zararni sugʻurta qilish orqali ushbu zarar qoplanadi;

    - zaxiraga jamgʻarilgan mahsulotlarni aholiga sotish uchun bozor va savdo komplekslarida, istisno tariqasida, begʻaraz asosda alohida rasta va sotuv anjomlari vaqtincha foydalanish uchun ajratiladi, ushbu korxonalarga tegishli yuk mashinalari bozor avtoturargohiga kirib chiqishi uchun toʻlov undirilmaydi.