Rejaga koʻra, ishtirokchilar mamlakatning zilziladan eng koʻp jabr koʻrgan uch hududi — Qahramanmarash, Adiyaman hamda Malatya viloyatlarida boʻlib, zilziladan soʻng oʻtgan bir yil davomida hududlarda bajarilgan ishlar bilan tanishdi.
2023-yil 6-fevral kuni Turkiyada roʻy bergan mudhish voqea asr falokati sifatida tarixga kirdi. 7,7 va 7,6 magnitudali zilzilalar koʻplab oilalar boshiga musibat soldi.
Bir yildirki, Turkiya xalqi ogʻir sharoitdan chiqib ketish, yiqilgan binolarni tiklash, jabrlangan fuqarolarga moddiy, maʼnaviy koʻmak berish maqsadida ishlarni amalga oshirmoqda.
- Qahramanmarash viloyatida salkam 54 ming bino vayron boʻldi. Binolarning 94 foizdan ortigʻini tiklashga erishish arafasidamiz. 138 390 vatandoshimiz ayni paytda konteynerlarda yashamoqda. Afsuski, viloyatda vafot etganlar soni juda koʻp. 18 ming 588 kishi halok boʻldi. Ularning oilasiga va falokatdan zarar koʻrganlarga davlatimiz tomonidan 983 milliard lira miqdorida kompensatsiya toʻlab berildi, — deydi viloyat xokimi Mukerrem Unlier.
Qahramarashda 866 ta madaniy meros obyektlari мавжуд.Уларни 83 tasi qadim tarixga ega. 783 tasi esa Saljukli, Dulkadiroglu hamda Usmonli davrini aks ettirgan masjid, madrasa va hammom. Ularning ayrimlariga ham zarar yetgan.
Ayni kunlarda Qahramanmarashda zilzilada boshpanasiz qolgan aholiga yangi uylar topshirilmoqda.
Bashorat Otajonova
Turkiya. QAHRAMANMARASH