Tabiatdagi bu oʻzgarish kishilar ruhiyatiga ham koʻchib, yaxshilik qilish, hol soʻrash, duo olish kabi qadriyatlarni yana bir bor esga soladi.
Ana shunday koʻtarinki kayfiyat ogʻushida ijodiy jamoamiz bilan yoshi ulugʻlarni yoʻqlash, duolarini olish va oʻgitlaridan bahramand boʻlish niyatida yoʻlga otlandik. Zero, bu nafaqat ijodiy vazifa, balki qalb ehtiyoji manbaidir.
Manzilimiz Toshkent viloyatining Zangiota tumani boʻldi. Darhaqiqat, hayot sinovidan oʻtgan, qadoq qoʻli mehnatda toblangan nuroniylar suhbatida boʻlish oʻzimiz uchun ham katta maʼnaviy saboq vazifasini oʻtaydi. Chunki shukrona va sabr bilan umr kechirish sirlari kitob sahifalarida emas, aynan shunday tabarruk insonlarning qalbida mujassam. Ularning soʻzida hayot hikmati, duosida esa baraka yashirin.
Zangiota tumanining Shodlik mahallasi Inoq koʻchasida istiqomat qilayotgan Mavluda Kamolova ana shunday onaxonlardan. Aya joriy yil 1 yanvarda 101 yoshni qarshi oldi.
— Ramazonning shunday ulugʻ kunlarida meni yoʻqlab kelibsizlar, boshim koʻkka yetdi. Yetkazganiga shukr, tinch va farovon zamonlarga ham yetib keldik, — deydi Mavluda ona. — Aslida, doim shunday yorugʻ kunlarni orzu qilib, yaxshi niyat bilan yashaganman. Bugun yurtimiz tinch, hayotimiz farovon; bolalar, nabirayu evaralar ardogʻida, mehr-muhabbat quchogʻida yayrab oʻtiribmiz. Koʻngilda yaxshi niyat va shukrona boʻlsa, har qanday sinovni yengib oʻtish mumkin. Odamzodni turmush qiyinchiligi emas, noshukrlik yengadi. Shuning uchun nolimay, Xudo bergan umrni, peshonaga yozilgan taqdirni, vujuddagi tansihatlikni va eng asosiysi, tiriklikni neʼmat bilib, boriga qanoat qilib yashay olish kerak.
Onaxonning soʻzlarini tinglar ekanmiz, qulogʻimiz ostida oʻtmish qiyinchiliklaridan nolish yoki quruq pand-nasihat emas, balki har bir kunga shukrona tuygʻusining ichki ovozi yangraganday boʻldi.
Toʻgʻrisi, 7 farzand, 23 nevara, 48 evara va 16 chevaraning boshi boʻlgan onaxonning xonadoniga borish oldidan xayolimizda turli tasavvurlar uygʻongan edi. Negadir biz borayotgan xonadon farishtasini juda keksaygan, gapirishga holi yetmaydigan buvi sifatida koʻz oldimizga keltirgandik. U kishini charchatib qoʻymaymiz, koʻp gapga solmaymiz, shunchaki koʻrib, hol soʻraymiz va duolarini olamiz degan oʻyda edik.
Garchi hamrohlarimiz onaxonni juda tetik, xotirasi mustahkam, deya taʼriflagan boʻlsa-da, baribir qalbimizda bir oz iymanish aralash ming bitta oʻy bilan darvoza hatlab kirgan edik.
Hovliga qadam qoʻyishimiz bilan esa tasavvurimiz butunlay oʻzgardi. Bizni 70 dan oshgan va 80 ni qoralagan bir guruh nuroniy samimiy tabassum bilan qarshi oldi. Ilk daqiqadayoq ularni mahalla faollari va faxriylari deb oʻyladik. Keyin bilsak, bu tabassumli, koʻzida hayot ziyosi porlab turgan otaxon va onaxonlar Mavluda ayaning farzandlari ekan.
Onaxonning toʻngʻich qizi Malohat opa 78, Muzayyanna opa 76, Muqaddas opa 71, Omonulla aka 70, Dilorom opa 66, Sadoqat opa 64, kenja farzandi Gʻaybulla aka esa 63 yoshda. Ularning oʻzi ham bugun bobo-buvi maqomidagi avlod vakillari. Biroq ular onasining yonida oʻzini goʻyo yosh boladek begʻubor va samimiy tutadi. Ayaning har bir soʻzi ular uchun hanuz qonunday qadrli ekani sezilib turadi.
Farzandlar bolalikda bosib oʻtgan hayot yoʻlini eslab, onaxon boshdan kechirgan qiyinchiliklar, turmushning ogʻir sinovlari, yaxshi va yomon kunlari, toʻy-tantanalari hamda erishgan muvaffaqiyatlari haqida goh hayajon, goh koʻzda yosh bilan hikoya qilib berdi. Ular oʻz soʻzida onasi bergan tarbiya, oʻrgatgan saboqlar, turli vaziyatlarda olgan duolari va nasihatlari doimo ularga yordam berganini faxr va quvonch bilan gapiradi.
“Hoy, Zaynab, nega adashtirasan?”
Suhbat asnosida ayaning ikkinchi qizi Zaynab opadan “Onangizning bugun qancha nevara, evara va chevaralari bor?” deb soʻradik.
— Onajonimning 40 ga yaqin nevarasi bor, — dedi u.
Shu payt onaxon qizining gapini boʻldi:
— Hoy Zaynab, nega adashtirasan? Nevaram 23 nafar-ku. Nevaralarimning faqat ismini emas, balki qay biri qayerda ishlayotgani va yashayotganini ham aniq aytib bera olaman, — deya ularni birma-bir sanay boshladi. Aya xotirasining tiniqligi va hisob-kitobi aniqligi bizni, ochigʻi, hayratga soldi. Aslida, bu shunchaki kuchli xotira emas, balki oʻz avlodiga yuksak mehr va eʼtibor namunasi edi.
Taqdirning yangi sahifasi
Asli Toshkent shahrining Hazrati Imom mahallasida voyaga yetgan Mavluda aya ziyoli va tarbiyali oilada kamol topgan. U paytlarda qiz bolaning taʼlim olishi har doim ham odatiy hol sanalmagan. Ammo uning ota-onasi zamonadan ilgarilab fikr yuritardi. Shu bois, ular qizini tibbiyot bilim yurtiga oʻqishga qoʻygan edi.
Urushdan keyingi davr muhtojlik, yetishmovchilik va tanqislik yillari edi. Oila turmush taqozosi bilan Toshkent viloyatiga koʻchib oʻtadi. Ikki yillik tahsilni muvaffaqiyatli tugatgan, orzularga toʻla, hayot ostonasida turgan 19 yoshli qiz uchun yangi joyda taqdir yangi sahifa ochadi.
Frontdan yaralanib qaytgan, bir oyogʻi protezda, bir qoʻlining barmoqlarini dushman oʻqi yulib ketgan boʻlsa-da, irodasi sinmagan Ubaydulla ismli jasur yigitning oilasidan sovchilar kela boshlaydi. Agronom boʻlib, yer bilan tillashib, rizq urugʻini ekib, hayotini qaytadan barpo etishni istagan Ubaydulla Kamolov oʻzidan ancha yoshi kichik Mavludani bir koʻrishdayoq yoqtirib qolgan edi.
Oʻshanda Mavludaga otasi “Qizim, bu yigitning otasi ham halol, mehnatkash inson ekan. Ming afsuski, ikki oʻgʻli urushda bedarak ketibdi. Ubaydulla esa oilaning uchinchi farzandi. Agar bizni rozi boʻlsin, desang, shu yigitga turmushga chiq. Kam boʻlmaysan. Chunki yoshgina hayotini tinchlik yoʻlida qurbon qilishga tayyor insondan hech qachon yomonlik chiqmaydi. Bunday insonlarning qalbi mehrga doimo toʻla boʻladi”, deya toʻgʻri maslahat beradi. “Ota rozi — Xudo rozi”, deyishgan. Buni yaxshi anglagan yosh Mavluda eʼtiroz bildirmay, rozilik beradi.
— Urushdan keyingi davrning qiyinchiliklari bizni qanchalik qiynamasin, nolimay yashadik. Yarimta nonni butun bilib, birin-ketin tugʻilgan farzandlarimizni mehr bilan voyaga yetkazishga harakat qildik, — deya oʻtmishni eslaydi onaxon. — Turmush oʻrtogʻim tunu kun daladan beri kelmasdi. Oʻsha vaqtda kolxoz raisi boʻlib ishlasa-da, baʼzan uyimizda yeyish uchun bir tishlam non ham topilmasdi. Qora qozonni qaynatish, roʻzgʻorni oz boʻlsa-da, toʻldirish ilinjida kichik farzandlarimni kattalariga tashlab, oʻzim dalaga ishga chiqib ketdim. Bu orada urush asoratlari tufayli xoʻjayinim 56 yoshida olamdan oʻtdi. Oʻshanda eng kichigimiz — oʻgʻlim Gʻaybulla 10 yoshda edi. Shundan soʻng roʻzgʻorning bor ogʻirligi va tashvishi oʻzim hamda yoshgina farzandlarimning mushtdekkina yelkasiga tushdi. Hayot turli sinovlari bilan sinasa-da, Yaratganning hifzu himoyasi sabab bu mashaqqatlar qaddimni bukib, irodamizni sindira olmadi. Tunlari xira chiroq qarshisida oʻtirib, mahalla ahlining kiyimlarini tikib berdim, bemorlarga hamshiralik qildim. Kunduzlari esa farzandlarim bilan dalada ishlab, kun ogʻganida bogʻimizda bogʻbonlik qildim. Eh, u davrning mashaqqatli kunlarini eslashning oʻzi ham ogʻir. Ayniqsa, yonida suyanchigʻi yoʻq, yetti bola bilan chirqillab qolgan mendek bir ayolning holini hech kim soʻramasdi. Ota uyimga borib, koʻnglimni yozib kelay, desam, u yerda ham xotirjamlik yoʻq edi. Chunki bobomni “bosmachi”, “quloq” deb olis yurtlarga surgun qilishgandi. Hovlimizda nima boʻlsa, barini tortib olib ketishgan, hatto buvimning boʻynidagi zebigardonlarigacha yulqib olishgandi.
Shukr, mana, xotirjam va farovon zamonlarga ham yetib keldik. Ilohim, yurtimiz doim tinch boʻlsin. Yoshlar shu tinch kunlarning qadriga yetsin deb duo qilaman.
Kechirimlilik va qanoat
Eng qizigʻi, Mavluda ayaning qismatga munosabati eʼtiborga loyiq. Nega deysizmi? Bir necha yil muqaddam notoʻgʻri qilingan ukol sababli onaxonning soppa-sogʻ yurib turgan bir oyogʻi ishlamay qolgan. Bunday holat har qanday insonni iztirobga solishi, norozilik uygʻotishi tabiiy, albatta. Ammo onaxon buni ham peshonasiga yozilgan qismat, Yaratganning bir sinovi sifatida qabul qilgan. Farzandlari va nevaralari kuyinib “Bu nohaqlik-ku, sogʻlom holingizda yura olmay qolasizmi?” deya ranjiganida onaxon “Tana meniki, ogʻriq va ozor ham meniki. Qoʻyinglar, bilib-bilmay qilgan xatosi uchun kimdir jazolanmasin. Bu Xudoga xush kelmaydi”, debdi.
Ha, dardini ichiga yutish, aybdorni kechira olish har kimning ham qoʻlidan kelavermaydigan va bugun juda kam uchraydigan ulugʻ fazilatlardan.
Shukr qilsang, barakasi koʻpayadi
Onaxonning 78 yoshli qizi Malohat opa oʻtmish sahifalarini varaqlar ekan, bunday xotirlaydi:
— Oʻzim jurnalistman. Oʻgʻlim ham jurnalist. Yillar davomida xalq orasida yurib, turli taqdir egalari haqida lavhalar tayyorladim. Ammo negadir onam haqida birorta ham lavha tayyorlamabman. Bu yuragimda armon boʻlib qolgan edi. Ming shukr, mana sizlar yoʻqlab kelibsiz. Buning uchun minnatdorlik bildiraman.
Onam deyarli barchamizni bir oʻzi oʻqitib, voyaga yetkazishga harakat qildi. Daladagi ekin-tikinni sugʻorishdan tortib, yigʻib-terib olishgacha — barchasi onam va biz, farzandlarning zimmasida edi. Kun boʻyi qilgan qora mehnatimiz evaziga baʼzan bir kosa atala va bir burda non bilan qanoat qilgan kunlarimiz koʻp boʻlgan. Onamiz hech qachon hayotdan nolimay, “Shukr qilsang, barakasi koʻpayadi”, derdi. Biz doim yaxshi kunlarga ishonib yashardik. Ming shukr, shunday yorugʻ kunlarni shu obod diyorda onajonim bilan birga koʻrib turibmiz.
Mavluda ona farzandlariga nafaqat halol rizq topish, balki shukrona, qanoat va matonat darslarini ham oʻrgatgan va uqtirgan. Shu bois, bugun ularning har biri oʻz yoʻlini topgan barkamol insonlar boʻlib yetishdi. Biz bu xonadonda qiyinchiliklar ichida oʻsgan avloddan shikoyat eshitishni emas, balki mehnat orqali keladigan shukronalikni oʻrgangan insonlarning hayotiy ibratlarini tingladik.
Navbatdagi manzil
Navbatdagi manzilimiz mazkur tumanning Forobiy mahallasi boʻldi. Mahalla raisi va hokim yordamchisi hamrohligida Qirguzar koʻchasida istiqomat qiluvchi 103 yoshli onaxon Asiya Bashirova xonadoniga yoʻl oldik.
Mahalla raisi yoʻl-yoʻlakay keksa avlod vakillarining borligi nafaqat oʻsha xonadonning, balki butun mahallaning fayzu barakasi ekanini, “Qarisi bor uyning parisi bor” degan xalq maqoli bejiz aytilmaganini taʼkidlab bordi.
Xonadon darvozasi oldida bizni Asiya onaning 76 yoshli oʻgʻli Boris aka va rafiqasi kutib olib, onaxon oʻtirgan xonaga boshlab kirdi. Shinamgina uyning bir burchagidagi divanda oʻtirgan, jussasi kichkinagina boʻlib qolgan onaxon bilan koʻrishar ekanmiz, qalbimizda unga hurmat tuygʻusi uygʻondi.
Asiya ona ham Ikkinchi jahon urushi va undan keyingi yillarning mashaqqatini turmush oʻrtogʻi Maʼsud Bashirov bilan yelkadosh boʻlib yengib oʻtgan. Harbiy sohada faoliyat yuritgan umr yoʻldoshi bilan borchilik va yoʻqchilikni, sinov va sabrni birgalikda boshdan kechirgan. Uch farzandni tarbiyali, oʻqimishli va elga nafi tegadigan insonlar qilib voyaga yetkazgan. Onaxonning oʻzi uzoq yillar davomida tibbiyot sohasida mehnat qilgan. Bugun u yigirmadan ziyod nevara, oʻndan ziyod evara va chevaralarning mehribon buvisi.
— Turmush oʻrtogʻim 49 yoshida yurak xurujidan vafot etdi, — deya eslaydi onaxon. — Bir-birimizga suyanib, farzandlar va nabiralarning rohatini birga koʻramiz, deb niyat qilar edik. Ammo taqdir ekan... Farzandlarim otasining kasbini davom ettirib, harbiylikni tanladi va ona Vatanga sadoqat bilan xizmat qilib kam boʻlmadi. Shukrki, bugun ularning rohatini, yurtimizdagi tinchlik va toʻkinlikni, biz — qariyalarga koʻrsatilayotgan hurmat-ehtiromni koʻrib, el eʼzozida yashayapman.
Onaxonning oʻgʻli Boris aka va kelini Raisa opa ham 5 farzand hamda bir quchoq nevara-evaralar davrasida 56 yildan buyon ahil-inoq umrguzaronlik qilib kelayotgan namunali oila vakillari ekan.
Bugun Zangiota tumanida 4 nafar, butun Toshkent viloyatida esa 100 yoshdan oshgan 43 onaxon borligi, toʻgʻrisi, bizni mamnun etdi. Yangilanish va yasharish fasli boʻlmish bahor arafasida asrga teng umr sohibalari bilan boʻlgan suhbatlar qalbimizga nur, koʻnglimizga taskin bagʻishladi. Ushbu safarimiz nafaqat ijodiy vazifa, balki odamiylik sabogʻi boʻldi.
Zero, xalqimiz doimo nuroniylarni eʼzozlab, ularning holidan xabar olishni va duolaridan bahramand boʻlishni burch deb bilgan. Inchunin, shukronalik, sabr, qanoat va yaxshi niyat insonni komillikka yetaklovchi eng oliy fazilatlar ekani, nuroniylarimizning borligi xonadonda faqatgina keksalikni emas, balki hayotga muhabbatni, sabrni, qanoatni va shukronalik hissini kuchaytirishini yana bir bor koʻrdik.
Gulichehra DURDIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri