Tabiatdagi bu oʻzgarish kishilar ruhiyatiga ham koʻchib, yaxshilik qilish, hol soʻrash, duo olish kabi qadriyatlarni yana bir bor esga soladi.

Ana shunday koʻtarinki kayfiyat ogʻushi­da ijodiy jamoamiz bilan yoshi ulugʻlarni yoʻqlash, duolarini olish va oʻgitlaridan bahramand boʻlish niyatida yoʻlga otlan­dik. Zero, bu nafaqat ijodiy vazifa, bal­ki qalb ehtiyoji manbaidir.

Manzilimiz Toshkent viloyatining Zangiota tumani boʻldi. Darhaqiqat, hayot sinovidan oʻtgan, qadoq qoʻli mehnatda toblangan nuroniylar suhbatida boʻlish oʻzimiz uchun ham katta maʼnaviy saboq va­zifasini oʻtaydi. Chunki shukrona va sabr bilan umr kechirish sirlari kitob sahi­falarida emas, aynan shunday tabarruk insonlarning qalbida mujassam. Ular­ning soʻzida hayot hikmati, duosida esa ba­raka yashirin.

Zangiota tumanining Shodlik mahallasi Inoq koʻchasida istiqomat qilayotgan Mavluda Kamolova ana shun­day onaxonlardan. Aya joriy yil 1 yan­varda 101 yoshni qarshi oldi.

— Ramazonning shunday ulugʻ kunlari­da meni yoʻqlab kelibsizlar, boshim koʻkka yetdi. Yetkazganiga shukr, tinch va farovon zamonlarga ham yetib keldik, — deydi Mavluda ona. — Aslida, doim shunday yorugʻ kunlarni orzu qilib, yaxshi niyat bilan yashaganman. Bugun yurtimiz tinch, hayotimiz farovon; bolalar, nabirayu eva­ralar ardogʻida, mehr-muhabbat quchogʻida yayrab oʻtiribmiz. Koʻngilda yaxshi niyat va shukrona boʻlsa, har qanday sinovni yengib oʻtish mumkin. Odamzodni turmush qiyin­chiligi emas, noshukrlik yengadi. Shuning uchun nolimay, Xudo bergan umrni, pesho­naga yozilgan taqdirni, vujuddagi tan­sihatlikni va eng asosiysi, tiriklikni neʼmat bilib, boriga qanoat qilib yashay olish kerak.

Onaxonning soʻzlarini tinglar ekan­miz, qulogʻimiz ostida oʻtmish qiyinchiliklaridan nolish yoki quruq pand-nasihat emas, balki har bir kunga shukrona tuygʻu­sining ichki ovozi yangraganday boʻldi.

Toʻgʻrisi, 7 farzand, 23 nevara, 48 evara va 16 chevaraning boshi boʻlgan onaxonning xonadoniga borish oldidan xayolimizda turli tasavvurlar uygʻongan edi. Negadir biz borayotgan xonadon farishtasini juda keksaygan, gapirishga holi yetmaydigan buvi sifatida koʻz oldimizga keltirgan­dik. U kishini charchatib qoʻymaymiz, koʻp gapga solmaymiz, shunchaki koʻrib, hol soʻraymiz va duolarini olamiz degan oʻyda edik.

Garchi hamrohlarimiz onaxonni juda tetik, xotirasi mustahkam, deya taʼrifla­gan boʻlsa-da, baribir qalbimizda bir oz iymanish aralash ming bitta oʻy bilan darvoza hatlab kirgan edik.

Hovliga qadam qoʻyishimiz bilan esa tasavvurimiz butunlay oʻzgardi. Bizni 70 dan oshgan va 80 ni qoralagan bir gu­ruh nuroniy samimiy tabassum bilan qar­shi oldi. Ilk daqiqadayoq ularni mahalla faollari va faxriylari deb oʻyladik. Keyin bilsak, bu tabassumli, koʻzida hayot ziyosi porlab turgan otaxon va onaxonlar Mavluda ayaning farzandlari ekan.

Onaxonning toʻngʻich qizi Malohat opa 78, Muzayyanna opa 76, Muqaddas opa 71, Omonulla aka 70, Dilorom opa 66, Sa­doqat opa 64, kenja farzandi Gʻaybulla aka esa 63 yoshda. Ularning oʻzi ham bugun bobo-buvi maqomidagi avlod vakillari. Biroq ular onasining yonida oʻzini goʻyo yosh boladek begʻubor va samimiy tutadi. Aya­ning har bir soʻzi ular uchun hanuz qonun­day qadrli ekani sezilib turadi.

Farzandlar bolalikda bosib oʻtgan hayot yoʻlini eslab, onaxon boshdan kechir­gan qiyinchiliklar, turmushning ogʻir si­novlari, yaxshi va yomon kunlari, toʻy-tanta­nalari hamda erishgan muvaffaqiyatlari haqida goh hayajon, goh koʻzda yosh bilan hikoya qilib berdi. Ular oʻz soʻzida onasi bergan tarbiya, oʻrgatgan saboqlar, turli vaziyatlarda olgan duolari va nasihatlari doimo ularga yordam berganini faxr va qu­vonch bilan gapiradi.

“Hoy, Zaynab, nega adashtirasan?”

Suhbat asnosida ayaning ikkinchi qizi Zaynab opadan “Onangizning bugun qan­cha nevara, evara va chevaralari bor?” deb soʻradik.

— Onajonimning 40 ga yaqin nevarasi bor, — dedi u.

Shu payt onaxon qizining gapini boʻl­di:

— Hoy Zaynab, nega adashtirasan? Nevaram 23 nafar-ku. Nevaralarimning faqat ismini emas, balki qay biri qayerda ishlayotgani va yashayotganini ham aniq ay­tib bera olaman, — deya ularni birma-bir sanay boshladi. Aya xotirasining tiniq­ligi va hisob-kitobi aniqligi bizni, ochigʻi, hayratga soldi. Aslida, bu shuncha­ki kuchli xotira emas, balki oʻz avlodiga yuksak mehr va eʼtibor namunasi edi.

Taqdirning yangi sahifasi

Asli Toshkent shahrining Hazrati Imom mahallasida voyaga yetgan Mavluda aya ziyoli va tarbiyali oilada kamol topgan. U paytlarda qiz bolaning taʼlim olishi har doim ham odatiy hol sanalmagan. Ammo uning ota-onasi zamonadan ilgarilab fikr yuritardi. Shu bois, ular qizini tibbiyot bilim yurtiga oʻqishga qoʻygan edi.

Urushdan keyingi davr muhtojlik, yetishmovchilik va tanqislik yillari edi. Oila turmush taqozosi bilan Toshkent viloyatiga koʻchib oʻtadi. Ikki yillik tah­silni muvaffaqiyatli tugatgan, orzularga toʻla, hayot ostonasida turgan 19 yoshli qiz uchun yangi joyda taqdir yangi sahifa ocha­di.

Frontdan yaralanib qaytgan, bir oyogʻi protezda, bir qoʻlining barmoqlarini dushman oʻqi yulib ketgan boʻlsa-da, iro­dasi sinmagan Ubaydulla ismli jasur yigitning oilasidan sovchilar kela boshlaydi. Agronom boʻlib, yer bilan tilla­shib, rizq urugʻini ekib, hayotini qaytadan barpo etishni istagan Ubaydulla Kamolov oʻzidan ancha yoshi kichik Mavludani bir koʻrishdayoq yoqtirib qolgan edi.

Oʻshanda Mavludaga otasi “Qizim, bu yigitning otasi ham halol, mehnatkash inson ekan. Ming afsuski, ikki oʻgʻli urushda bedarak ketibdi. Ubaydulla esa oilaning uchinchi farzandi. Agar bizni rozi boʻlsin, desang, shu yigitga turmushga chiq. Kam boʻlmaysan. Chunki yoshgina hayoti­ni tinchlik yoʻlida qurbon qilishga tayyor insondan hech qachon yomonlik chiqmaydi. Bunday insonlarning qalbi mehrga doimo toʻla boʻladi”, deya toʻgʻri maslahat beradi. “Ota rozi — Xudo rozi”, deyishgan. Buni yaxshi anglagan yosh Mavluda eʼtiroz bil­dirmay, rozilik beradi.

— Urushdan keyingi davrning qiyin­chiliklari bizni qanchalik qiynamasin, nolimay yashadik. Yarimta nonni butun bilib, birin-ketin tugʻilgan farzand­larimizni mehr bilan voyaga yetkazishga harakat qildik, — deya oʻtmishni eslaydi onaxon. — Turmush oʻrtogʻim tunu kun da­ladan beri kelmasdi. Oʻsha vaqtda kolxoz raisi boʻlib ishlasa-da, baʼzan uyimizda yeyish uchun bir tishlam non ham topil­masdi. Qora qozonni qaynatish, roʻzgʻorni oz boʻlsa-da, toʻldirish ilinjida kichik farzandlarimni kattalariga tashlab, oʻzim dalaga ishga chiqib ketdim. Bu ora­da urush asoratlari tufayli xoʻjayinim 56 yoshida olamdan oʻtdi. Oʻshanda eng ki­chigimiz — oʻgʻlim Gʻaybulla 10 yoshda edi. Shundan soʻng roʻzgʻorning bor ogʻirligi va tashvishi oʻzim hamda yoshgina far­zandlarimning mushtdekkina yelkasi­ga tushdi. Hayot turli sinovlari bilan sinasa-da, Yaratganning hifzu himoyasi sabab bu mashaqqatlar qaddimni bukib, irodamizni sindira olmadi. Tunlari xira chiroq qarshisida oʻtirib, mahalla ahlining kiyimlarini tikib berdim, bemorlarga hamshiralik qildim. Kun­duzlari esa farzandlarim bilan dalada ishlab, kun ogʻganida bogʻimizda bogʻbon­lik qildim. Eh, u davrning mashaqqat­li kunlarini eslashning oʻzi ham ogʻir. Ayniqsa, yonida suyanchigʻi yoʻq, yetti bola bilan chirqillab qolgan mendek bir ayol­ning holini hech kim soʻramasdi. Ota uyimga borib, koʻnglimni yozib kelay, desam, u yerda ham xotirjamlik yoʻq edi. Chunki bobomni “bosmachi”, “quloq” deb olis yurtlarga surgun qilishgandi. Hov­limizda nima boʻlsa, barini tortib olib ketishgan, hatto buvimning boʻynidagi zebigardonlarigacha yulqib olishgandi.

Shukr, mana, xotirjam va farovon zamonlarga ham yetib keldik. Ilohim, yurtimiz doim tinch boʻlsin. Yoshlar shu tinch kunlarning qadriga yetsin deb duo qilaman.

Kechirimlilik va qanoat

Eng qizigʻi, Mavluda ayaning qismatga munosabati eʼtiborga loyiq. Nega dey­sizmi? Bir necha yil muqaddam notoʻgʻri qilingan ukol sababli onaxonning soppa-sogʻ yurib turgan bir oyogʻi ishlamay qol­gan. Bunday holat har qanday insonni iztirobga solishi, norozilik uygʻotishi tabiiy, albatta. Ammo onaxon buni ham peshonasiga yozilgan qismat, Yaratgan­ning bir sinovi sifatida qabul qilgan. Farzandlari va nevaralari kuyinib “Bu nohaqlik-ku, sogʻlom holingizda yura ol­may qolasizmi?” deya ranjiganida onaxon “Tana meniki, ogʻriq va ozor ham meniki. Qoʻyinglar, bilib-bilmay qilgan xatosi uchun kimdir jazolanmasin. Bu Xudoga xush kelmaydi”, debdi.

Ha, dardini ichiga yutish, aybdorni ke­chira olish har kimning ham qoʻlidan kela­vermaydigan va bugun juda kam uchraydi­gan ulugʻ fazilatlardan.

Shukr qilsang, barakasi koʻpayadi

Onaxonning 78 yoshli qizi Malohat opa oʻtmish sahifalarini varaqlar ekan, bun­day xotirlaydi:

— Oʻzim jurnalistman. Oʻgʻlim ham jurnalist. Yillar davomida xalq orasida yurib, turli taqdir egalari haqida lavha­lar tayyorladim. Ammo negadir onam haqi­da birorta ham lavha tayyorlamabman. Bu yuragimda armon boʻlib qolgan edi. Ming shukr, mana sizlar yoʻqlab kelibsiz. Bu­ning uchun minnatdorlik bildiraman.

Onam deyarli barchamizni bir oʻzi oʻqi­tib, voyaga yetkazishga harakat qildi. Da­ladagi ekin-tikinni sugʻorishdan tortib, yigʻib-terib olishgacha — barchasi onam va biz, farzandlarning zimmasida edi. Kun boʻyi qilgan qora mehnatimiz evazi­ga baʼzan bir kosa atala va bir burda non bilan qanoat qilgan kunlarimiz koʻp boʻl­gan. Onamiz hech qachon hayotdan nolimay, “Shukr qilsang, barakasi koʻpayadi”, derdi. Biz doim yaxshi kunlarga ishonib yashardik. Ming shukr, shunday yorugʻ kunlarni shu obod diyorda onajonim bilan birga koʻrib turibmiz.

Mavluda ona farzandlariga nafaqat halol rizq topish, balki shukrona, qano­at va matonat darslarini ham oʻrgatgan va uqtirgan. Shu bois, bugun ularning har biri oʻz yoʻlini topgan barkamol insonlar boʻlib yetishdi. Biz bu xonadonda qiyinchi­liklar ichida oʻsgan avloddan shikoyat eshi­tishni emas, balki mehnat orqali keladi­gan shukronalikni oʻrgangan insonlarning hayotiy ibratlarini tingladik.

Navbatdagi manzil

Navbatdagi manzilimiz mazkur tu­manning Forobiy mahallasi boʻldi. Mahalla raisi va hokim yordamchisi hamrohligida Qirguzar koʻchasida is­tiqomat qiluvchi 103 yoshli onaxon Asiya Bashirova xonadoniga yoʻl oldik.

Mahalla raisi yoʻl-yoʻlakay keksa av­lod vakillarining borligi nafaqat oʻsha xonadonning, balki butun mahallaning fayzu barakasi ekanini, “Qarisi bor uy­ning parisi bor” degan xalq maqoli bejiz aytilmaganini taʼkidlab bordi.

Xonadon darvozasi oldida bizni Asiya onaning 76 yoshli oʻgʻli Boris aka va ra­fiqasi kutib olib, onaxon oʻtirgan xona­ga boshlab kirdi. Shinamgina uyning bir burchagidagi divanda oʻtirgan, jussasi kichkinagina boʻlib qolgan onaxon bilan koʻrishar ekanmiz, qalbimizda unga hurmat tuygʻusi uygʻondi.

Asiya ona ham Ikkinchi jahon urushi va undan keyingi yillarning mashaqqatini turmush oʻrtogʻi Maʼsud Bashirov bilan yelkadosh boʻlib yengib oʻtgan. Harbiy soha­da faoliyat yuritgan umr yoʻldoshi bilan borchilik va yoʻqchilikni, sinov va sabr­ni birgalikda boshdan kechirgan. Uch far­zandni tarbiyali, oʻqimishli va elga nafi tegadigan insonlar qilib voyaga yetkazgan. Onaxonning oʻzi uzoq yillar davomida tibbiyot sohasida mehnat qilgan. Bugun u yigirmadan ziyod nevara, oʻndan ziyod evara va chevaralarning mehribon buvisi.

— Turmush oʻrtogʻim 49 yoshida yurak xu­rujidan vafot etdi, — deya eslaydi ona­xon. — Bir-birimizga suyanib, farzandlar va nabiralarning rohatini birga koʻra­miz, deb niyat qilar edik. Ammo taqdir ekan... Farzandlarim otasining kasbini davom ettirib, harbiylikni tanladi va ona Vatanga sadoqat bilan xizmat qilib kam boʻlmadi. Shukrki, bugun ularning rohatini, yurtimizdagi tinchlik va toʻkin­likni, biz — qariyalarga koʻrsatilayotgan hurmat-ehtiromni koʻrib, el eʼzozida yasha­yapman.

Onaxonning oʻgʻli Boris aka va kelini Raisa opa ham 5 farzand hamda bir quchoq nevara-evaralar davrasida 56 yildan buyon ahil-inoq umrguzaronlik qilib kelayotgan namunali oila vakillari ekan.

Bugun Zangiota tumanida 4 nafar, butun Toshkent viloyatida esa 100 yoshdan oshgan 43 onaxon borligi, toʻgʻrisi, bizni mamnun etdi. Yangilanish va yasharish fasli boʻl­mish bahor arafasida asrga teng umr sohi­balari bilan boʻlgan suhbatlar qalbimizga nur, koʻnglimizga taskin bagʻishladi. Ushbu safarimiz nafaqat ijodiy vazifa, balki odamiylik sabogʻi boʻldi.

Zero, xalqimiz doimo nuroniylarni eʼzozlab, ularning holidan xabar olishni va duolaridan bahramand boʻlishni burch deb bilgan. Inchunin, shukronalik, sabr, qanoat va yaxshi niyat insonni komillik­ka yetaklovchi eng oliy fazilatlar ekani, nuroniylarimizning borligi xonadonda faqatgina keksalikni emas, balki hayotga muhabbatni, sabrni, qanoatni va shukro­nalik hissini kuchaytirishini yana bir bor koʻrdik.

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri