Kecha universitet oʻquv-uslubiy boshqarmasi, tarbiyaviy boʻlim, 4-kursantlar batalyoni hamda “Tillarni oʻrganish” kafedrasi professor-oʻqituvchilari tomonidan tashkil etildi. Tadbirga adibning suyukli farzandlari Gulyuz Kalonova hamda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, isteʼdodli shoir Shukur Qurbon taklif etildilar. Kechani kirish soʻzi bilan kafedra professori Toʻlqin Saydaliyev ochdi.
Oʻz chiqishida notiq adibning hayoti va ijodi haqida qiziqarli va kamyob maʼlumotlarni tadbir ishtirokchilariga yetkazdi. Oʻz otashin nutqida adibning “Temur Malik” romaniga alohida urgʻu berdi. Tarixdan maʼlumki, Temur Malik Jaloliddin Manguberdi bilan yelkama-yelka turib, yurtimizni moʻgʻil bosqinchilaridan mardonavor himoya qilgan. Mazkur asar Mirmuhsin ijodida alohida ahamiyat kasb etadi, chunki bu asar mustabid tuzum davrida harbiy vatanparvarlik haqida baralla bong urgan.
Tadbirda adib haqidagi hujjatli film yigʻilganlar eʼtiboriga havola qilindi. Namoyishdan soʻng adibning qizi Gulyuz Kalonova otasining ommaga nomaʼlum boʻlgan qirralari bilan oʻrtoqlashdi. Ayniqsa, ustoz ijodkorning yosh ijodkorlarga beminnat koʻmak bergani va ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaganliklarini hayotiy misollar asosida aytib oʻtdi.
Adib nafaqat buyuk ijodkor, balki mehribon ota boʻlganliklari ham yoshlar uchun alohida ibrat maktabi ekanligini taʼkidlab oʻtdi. Yozuvchi bemor rafiqasiga salkam oʻn besh yil beminnat gʻamxoʻrlik qilgan. Mirmuhsinning ham boshi uzra “qora bulutlar” toʻplanayotgan vaqtda, ongli tarzda uzlatga chekinganlarini hamma ham bilavermaydi. Yozuvchi bir muddat Bekobodning chekka qishloqlaridan birida istiqomat qilganlari koʻpchilikka nomaʼlum.
Tadbirda kursantlar ham faol ishtirok etib, adib sheʼrlaridan namunalarni qoyilmaqom darajada oʻqib berishdi. Ayniqsa, universitet qoshidagi kursantlar “Alvon beretlar” dastasining Mirmuhsin sheʼriga qoʻshiq ijro etishi yigʻilganlarning hayratini oshirdi. Adibning qizi qaytadan soʻz olib kursantlarga alohida minnatdorchiligini izhor etdi. Shoir Shukur Qurbon oʻz nutqida adib bilan uzoq yillar jurnallarda “Ustoz-shogird” sifatida koʻp mehnat qilganliklari va ulardan koʻp narsani oʻrganliklarini taʼkidladi.
Mirmuhsindan shoir yosh kalamqashlarga alohida mehribonlik koʻrsatishlarini va ijod namunalarini boshqa davriy nashrlarda chop etmasdan paysalga solayotgan vaqtda oʻzlari muharrirlik qilayotgan “Sharq yulduzi” jurnalida muntazam chop etib borganliklarini aytib oʻtdi. Adibni favqulodda dovyurak ijodkor boʻlganligini alohida mehr bilan esladi. Mirmuhsin ustozlarga xos boʻlgan mehribonlik ila oʻz shogirdi Shukur Qurbonga ustozi Asqad Muxtordan meros qolgan ramziy maʼnodagi bir ijodkorlik buyumini tuhfa qilgan.
Tadbir universitet kursantlarida juda katta qiziqish uygʻotdi va taassurot qoldirdi. Bunday yoʻsindagi tadbirlar harbiy oliy oʻquv yurtlarida munatazam boʻlishi kursantlar va ofitserlar dunyoqarashini kengaytiradi, maʼnaviyatini yuksaltiradi. Tadbir yakunida adibning qizi va shoir Shukur Qurbon Mirmuhsin qalamiga mansub kitoblarni kursantlar va ofitserlarga taqdim etdilar hamda kursantlarning adibning uy-muzeyiga tashrif buyurishlari kelishib olindi.
Oqil Latipov,
Oʻzbekiston Respublikasi
Jamoat xavfsizligi
universiteti professori