“Oʻzbekkino” MA, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda Ayollar media klubining navbatdagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda “Oʻzbek kinosida gender tenglik masalasi” mavzusidagi davra suhbati tashkil etilib, media sohasining taniqli vakillari, jurnalist va blogerlar hamda kinoijodkorlar ishtirok etishdi.

Mazkur davra suhbatida kinoda gender tengligi hamda bugungi kun oʻzbek milliy kino sanʼatida ayol obrazini yaratish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, oʻzbek adabiyotining yorqin vakillari Nodirabegim, Zulfiyaxonim, Saida Zunnunova kabi sadoqat, matonat sohibalari hayoti va ijodiga bagʻishlangan kinokartinalarni koʻplab suratga olish yuzasidan takliflar bildirildi.

Klub doirasida Agentlik buyurtmasiga binoan suratga olinayotgan “Muhabbat bahori” (rej. Ibrohim Rasulov), “Ayol qismati” (rej. Dilmurod Masaidov), “Maktab-hayotim” (rej. Ilhom Muhammadibrohimov) filmlarining ijodkorlari bilan ijodiy suhbatlar tashkil etildi.

“Oʻzbekkino” Milliy agentligi Axborot xizmati