Marosimda soʻzga chiqqan Numan Kurtulmush mazkur tashabbus Turkiya va Oʻzbekiston xalqlari oʻrtasidagi mustahkam doʻstlik va birodarlik munosabatlarining amaliy ifodasi ekanini ta’kidladi.


— Arsuzda Oʻzbekistonning buyuk tarixi va madaniyatini aks ettiruvchi nomlarning abadiylashtirilishi ikki qardosh xalq oʻrtasidagi doʻstlik ramzidir. Bu ogʻir kunlarda biz bilan elkadosh boʻlgan oʻzbek xalqiga boʻlgan yuksak ehtiromning yana bir koʻrinishidir, — dedi u.

Tadbir ishtirokchilari Oʻzbekistonda barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazini turkiy dunyoning muhim ma’naviy va ilmiy markazlaridan biri sifatida e’tirof etdi. Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar va “Yangi Renessans” gʻoyasi doirasidagi ishlar yuksak baholandi.

Hataj viloyati hokimi Mustafa Masatli esa 2023-yil 6-fevralda yuz bergan halokatli zilziladan keyin Oʻzbekiston tomonidan koʻrsatilgan yordamni turk xalqi hech qachon unutmasligini ta’kidladi.

— Hataj aholisi nomidan doʻst va qardosh oʻzbek xalqiga chuqur minnatdorlik bildiraman. Ushbu turar-joy majmuasiga “Oʻzbekiston mahallasi” nomi berilishi xalqlarimiz oʻrtasidagi abadiy doʻstlikning yorqin ramzidir, — dedi Mustafa Masatli.

Marosim yakunida ishtirokchilar Shavkat Mirziyoyev bulvari hamda Toshkent va Samarqand koʻchalarining ochilishi munosabati bilan ramziy tasma kessishdi.

Qayd etilishicha, mazkur majmua 2023-yilgi zilziladan jabр koʻrgan Hataj viloyatini tiklashga qaratilgan Oʻzbekistonning gumanitar koʻmagi samaralaridan biri hisoblanadi. Loyiha ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va qardoshlik munosabatlarining yana bir amaliy ifodasi sifatida baholanmoqda.