Bu haqda Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi xabar berdi.

Maʼlumotga koʻra, 24-noyabr kuni soat 19:00 dan soʻng mamlakatda atrof-muhit xavfsizligini taʼminlash va aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida keng koʻlamli ekologik nazorat reydlari oʻtkazildi.

Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya) tomonidan tashkil etilgan tadbirlar Toshkent viloyatining Qibray, Zangiota va Toshkent tumanlari, shuningdek, Toshkent shahri hududlarida tuzilgan 4 ta tezkor guruh orqali amalga oshirildi. Reydlarga Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya va Ichki ishlar idoralari xodimlari ham jalb etildi.

Tekshiruvlar davomida jami 103 ta korxona va obyekt faoliyati oʻrganilib, atmosfera havosini muhofaza qilishga oid qonunchilik talablariga rioya etilishi koʻrib chiqildi.

Natijada:

  • 38 ta huquqbuzarlik holati aniqlandi;
  • aybdorlarga nisbatan 34,8 mln soʻm miqdorida maʼmuriy jarima qoʻllanildi;
  • atrof-muhitga salbiy taʼsir koʻrsatgan 18 ta obyektning faoliyati 10 kunga toʻxtatildi.

Ekologik reydlar belgilangan reja asosida davom ettirilmoqda.