Bugun AOKAda oʻtkazilgan brifingda «Hududgaztaʼminot« AJ axborot xizmati rahbari Dilorom Jumaniyozovaning maʼlum qilishicha, jamiyat tomonidan 2025-yil boshidan buyon aholi va ulgurji isteʼmolchilarga 4 milliard 923 million 74 ming metr kub tabiiy gaz yetkazilgan.

Shundan 3 milliard 441 million 910 ming metr kubi aholiga, 1 milliard 481 million 164 ming metr kubi ulgurji isteʼmolchilarga yoʻnaltirilgan. Shuningdek, issiqlik taʼminoti korxonalari 297 million 180 ming, ijtimoiy soha obyektlari 63 million 47 ming, avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalari esa 462 million 21 ming metr kub tabiiy gaz bilan taʼminlangan. 90 ming 463 tonna suyultirilgan gaz isteʼmolchilarga yetkazilgan.

Olis hududlardagi aholi reja-grafik asosida gaz ballonlari bilan taʼminlanmoqda. Qish mavsumi uchun 35 ming 100 dona gaz balloni va 3,5 ming tonna zaxira shakllantirilgan.

Gaz taʼminoti barqarorligini taʼminlash maqsadida maxsus texnika, butlovchi qismlar va avariya holatlarini bartaraf etish uchun 848 mutaxassisdan iborat brigadalar jalb qilingan.

Yil boshidan buyon 6021 ta noqonuniy gaz isteʼmoli holati aniqlanib, 81 milliard 300 million soʻmlik gaz hajmi qayta hisob-kitob qilindi. Shuningdek, 30 ta «bunker« faoliyati fosh etilib, 17,3 ming tonna suyultirilgan gaz talon-taroj qilinishiga yoʻl qoʻyilmadi.

Gaz taʼminoti tizimini modernizatsiya qilish doirasida masofadan monitoring va nazorat imkonini beruvchi telemetriya tizimi joriy etildi. Yangilangan gaz taqsimlash punktlarida sunʼiy intellektdan foydalanish imkoniyati yaratildi.

Bugungi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Namangan, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida mazkur loyiha amalga oshirilmoqda.