Atoqli olim Nazar Toʻrayev nomidagi uy muzeyi tashkil etildi

    Denov tumanida taniqli fizik olim, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi aʼzosi, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan fan arbobi” faxriy unvoni sohibi, akademik Nazar Toʻrayev xotirasiga bagʻishlab uy muzeyi tashkil etildi.

    Ochilish marosimida viloyat va tuman hokimligi, oliy taʼlim va madaniyat sohasi vakillari, olimning shogirdlari, pedagoglar hamda mahalla faollari ishtirok etdilar.

    Akademik Nazar Toʻrayev 1938-yilda Denov tumanida tugʻilgan. U 60-yillik ilmiy faoliyati davomida koʻplab nufuzli ilmiy va rahbarlik lavozimlarida samarali mehnat qilgan. Jumladan, Termiz davlat universiteti rektori, Fanlar akademiyasi huzuridagi “FANUM” ilmiy-oʻquv markazi direktori lavozimlarida faoliyat yuritgan. 1990–1995-yillarda esa Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi deputati sifatida ishlagan.

    Uy muzeyining tashkil etilishi – yosh avlodda ilm-fanga boʻlgan qiziqishni oshirish, milliy gʻurur va qadriyatlarni mustahkamlash yoʻlida muhim qadamlardan biri hisoblanadi.