Muzeyning yangilanishi madaniy turizmni rivojlantirishga xizmat qilib, poytaxtning turistik salohiyatini yanada kengaytirmoqda.
Zamonaviy interaktiv va multimedia texnologiyalari asosida yaratilgan muzey ekspozitsiyasi tashrif buyuruvchilarni O‘zbekiston tarixining eng qadimgi sivilizatsiyalardan to bugungi kungacha bo‘lgan bosqichlari bilan tanishtiradi. Ekspozitsiyada noyob arxeologik topilmalar, Buyuk ipak yo‘liga oid materiallar, buyuk tarixiy shaxslar hamda mamlakat taraqqiyotining muhim bosqichlarini aks ettiruvchi eksponatlar namoyish etilgan.
Xususan, ekspozitsiyaning alohida qismi O‘zbekistonning mustaqillik yillarida erishgan yutuqlari, mamlakat taraqqiyotining zamonaviy bosqichi hamda 2016–2026-yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijalariga bag‘ishlangan. Mazkur bo‘lim tashrif buyuruvchilarga Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida davlat va jamiyat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. Shuningdek, ekspozitsiyada erishilgan natijalar Uchinchi Renessans poydevorini shakllantirish yo‘lidagi muhim bosqich sifatida yoritilgan.
Yangilangan muzey Toshkent bo‘ylab madaniy turizm yo‘nalishlarining muhim tarkibiy qismiga aylanib, xorijiy va mahalliy sayyohlarga O‘zbekistonning ko‘p asrlik tarixi, boy madaniyati va milliy an’analari bilan yanada chuqurroq tanishish imkoniyatini taqdim etadi.