Muloqot chogʻida choʻllanishni oldini olish, suvni tejamkorlik bilan ishlatish, “yashil” iqtisodiyot kabi yoʻnalishlarda oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Vazir Abdullo Al-Subaiyning aytishicha, Qatar soʻnggi yillarda mazkur yoʻnalishlarga katta eʼtibor qaratib kelyapti. Jumladan, mamlakatning “2030-yilgacha boʻlgan taraqqiyot strategiyasi” doirasida “yashil” iqtisodiyot, sahro sharoitida va yozdagi namlik hamda yuqori harorat holatida koʻkalamzorlashtirish, tomchilab sugʻorish va ushbu jarayonlarga zamonaviy texnologiyalarni jalb etish boʻyicha ishlar olib borilyapti. Shuningdek, global iqlim oʻzgarishi oqibatlari oldini olish maqsadida hamda Parij bitimiga muvofiq Qatar 2030-yilgacha umumiy chiqindilarni 25 foizga kamaytirish majburiyatini oʻz zimmasiga olgani maʼlum qilindi. Taʼkidlanishicha, soʻnggi paytlarda Qatarda “toza” energiyaga sarmoya kiritish va resurslardan samarali foydalanishga erishish uchun koʻplab loyiha va tashabbuslar amalga oshirilyapti.

Oʻz navbatida, Qatar tomoniga Oʻzbekistonning iqlim kun tartibi sohasidagi saʼy-harakatlari, “yashil” rivojlanish, atrof-muhitni muhofaza qilish va suv resurslaridan oqilona foydalanish, choʻllanishga qarshi kurashish, shuningdek, ekologik inqiroz natijasida Orolboʻyi mintaqasidagi halokatli vaziyat haqida batafsil maʼlumot berildi.

Uchrashuv natijasida tajriba almashish, Oʻzbekiston va Qatarda oʻtkaziladigan xalqaro tadbirlarda oʻzaro delegatsiyalarning ishtirokini taʼminlash kabi yoʻnalishlarda hamkorlikni faollashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.