Sogʻliqni saqlash vazirligi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, “Melnitsa” nomli qurilmadan yiqilib tushgan 24 yoshli B.E. va 30 yoshli T.M.ga baxtsiz hodisadan soʻng “Tez yordam” brigadasi kelgunga qadar Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam koʻrsatgan.
Tez tibbiy yordam yetib kelgach, jarohat olgan fuqarolar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib ketilgan. Muassasada bemorlar zudlik bilan shok zaliga olinib, shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatilgan.
7-8 metr balandlikdan tushib ketish oqibatida jarohat olgan 1999-yilda tugʻilgan bemor B.E.ga “Katatravma. Qoʻshma shikastlanishlar. Bosh miya yopiq jarohati. Oʻrta darajadagi miya shikastlanishi. Bosh miya peshana qismi kontuzion oʻchoq. Chap yelka suyagi katta boʻrtmachasining yopiq sinishi. Chap tos suyagi boshchasining yopiq chiqishi. Chap yelka boʻgʻimi distorsiyasi. Chap yuqori qovoq, chap qoʻltiq sohasi, chap periorbital sohasi yumshoq toʻqimalari,chap yelka sohasi, chap koʻkrak sohasi yumshoq toʻqimalar shikastlanishi, teri osti qon quyilishi” tashxisi qoʻyilib, tegishli davo molajalari tayinlangan.
1993-yilda tugʻilgan bemor T.M.ga esa “Katatravma. Umurtqa yopiq shikastlanishi. Dural qopchasi ezilmagan, orqa miya funksiyasi buzilmagan holda umurtqa pogʻonasi suyaklari VL1-VL2 tanachalarining I darajali kompression sinishi. Umurtqaning bel qismi distorsiyasi. Bel sohasi yumshoq toʻqimalarining shikastlanishi” tashxisi qoʻyilgan.
Bemorlar ayni paytda neyroxirurgiya boʻlimiga yotqizilgan boʻlib, ahvoli oʻrta ogʻir darajada. Nafas olish va gemodinamik koʻrsatkichlari barqaror. Ular shifoxonada belgilangan davo standartlari asosida davolanmoqda.