Autsorsing xizmatida qanday muammolar bor?

    “Sog'liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorning Andijon viloyatidagi ijrosi o'rganildi.

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi fuqarolarning sog'lig'ini saqlash masalalari qo'mitasining navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tdi. Unda Prezidentimizning “Sog'liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida belgilangan vazifalarning ijrosi Andijon viloyati misolida bajarilishi ko'rib chiqildi.

    Ta'kidlanganidek, mazkur hujjat tibbiyotda xususiy sektor ulushini oshirish, uning huquqiy asoslarini yaratish, ilg'or tibbiy texnologiyalarni tatbiq etgan holda aholi salomatligi yo'lida ko'rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash, davlat-xususiy sheriklikning xuquqiy asoslarini yaratish imkonini beradi. SHuningdek, sohaga xorijiy investitsiyalar oqimini ko'paytirishga keng yo'l ochadi.

    Ushbu hujjat Andijon viloyati misolida nazorat-tahlil tartibida o'rganilganda, hududning davlat-xususiy sheriklik loyihalari kontseptsiyasiga xulosa berish komissiyasi tuzilgan. Tizimdagi davolash profilaktika muassasalari xatlovdan o'tkazilgan. 2020 yil xatlov natijalariga ko'ra, bo'sh turgan bino va inshoot hamda er uchastkalarining 41 tasi joriy yil 20 avgust kuni rasmiy veb-saytga joylashtirilgan. SHundan 6 nafar talabgor tadbirkorning loyihalarini baholash xujjatlari Sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan ko'rib chiqilmoqda. Oradan ancha muddat o'tayotgan bo'lishiga qaramay loyihalarni Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligiga yuborish faqat “reja”ligicha qolmoqda. SHu bois, investitsiya kiritish va litsenziya olish muammo bo'lib turibdi.

    SHuningdek, Andijon viloyatida Prezident qarori qabul qilinganidan buyon bir yarim yil vaqt o'tayotganiga qaramasdan, birorta tibbiy davlat-xususiy sheriklik ob'ekti faoliyat ko'rsatmayapti. Vaholanki, yana 7 ta ob'ektda shu tamoyil asosida shifoxona ochishni rejalashtirgan talabgor tadbirkor tomonidan loyiha baholash hujjatlari tayyorlanmoqda.

    Tadbirda qayd etilganidek, sog'liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik loyihalarining amalga oshirish shakllari to'g'risida viloyatda qarorning 2-band “a” qismi bo'yicha tibbiyot muassasalarining qo'shimcha xizmatlaridan autsorsing asosida 23 ta muassasaning ovqat tayyorlash, 4 ta muassasaning kir yuvish xizmatlari tadbirkorlarga belgilangan tartibda berilgan.

    Biroq, autsorsing xizmatida bir qancha muammolar aniqlandi. Byudjetdan ovqat tayyorlash uchun bemorga ajratilgan bir kunlik mablag'larning kamligi tufayli o'rtacha bir bemorga bir kunga 7-8 ming so'm atrofida, tayyorlanayotgan ovqat sifatiga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda. Lekin belgilangan xizmat tannarxiga ish xaqi, ish xaqiga ajratmalar, moddiy xarajatlar, bilvosita va autsorser xarajatlarini qoplash uchun 20 foizlik ustama xarajatlarini to'lash moliya organlari tomonidan amalga oshirilmagan. Masalan, Qorasuv tuman tibbiyot birlashmasidagi 80 o'rinli oshxonadagi holatni qoniqarli deb bo'lmaydi. Unda qo'rg'ontepalik tadbirkor autsorsing xizmatini ko'rsatadi. Vaziyat o'rganilganda, kechki taomni tayyorlashga o'z vaqtida kirishilmagani kuzatildi. Gaz yo'q, oshxonaning sanitar holati talab darajasida emas.

    Tanqidiy ruhda o'tgan yig'ilishida deputatlar qaror ijrosini ta'minlash yuzasidan o'z fikr-mulohazalarini bildirib, sohada uchrayotgan muammolarni bartaraf etish bo'yicha bir qator taklif va tavsiflar berdilar. Mazkur yo'nalishdagi ishlar yuzasidan samarali parlament nazoratini ta'minlashga kelishib olindi.