Avariyaviy holatda toʻxtagan Siquv kompressor stansiyalarining barqaror ishlashi qayta tiklandi

    Sanoat 12 Yanvar 2023 1344

    Anomal sovuq tufayli “Oʻzbekneftgaz” AJga qarashli Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining “Shimoliy Nishon” siquv kompressor stansiyasida 3 ta gaz haydash agregatlari avariyaviy holatda toʻxtagan edi.

    Xuddi shuningdek, Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining “Zevarda” 2-siquv kompressor stansiyasida 1 ta va “Dengizkoʻl” konlaridagi 2-siquv kopressor stansiyasida 2 ta, “Janubiy Kemachi”da 1 ta gaz haydash agregatlarida ham avariyali holatda toʻxtashlishlar sodir boʻlgani haqida xabar bergan edik.

    “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi “Ishchi guruh” aʼzolari avariyaviy toʻxtalishlar va uning sabablarini joyida oʻrganish uchun Qashqadaryo viloyatida joylashgan ishlab chiqarish korxonalariga yetib keldi.

    Havo haroratining sovuq boʻlishiga qaramasdan 24 soat davomida ishlar tashkil qilinib, gaz haydash agregatlarini qayta ishga tushirish boʻyicha zarur choralar koʻrildi.

    Natijada, Muborak boshqarmasi “Dengizkoʻl” 2- stansiyasidagi 2 ta, “Zevarda” konidagi 1 ta, “Janubiy Kemachi” stansiyadagi 1 ta gaz haydash agregatlari toʻliq ishga qayta tiklandi.

    Hozirda Muborak boshqarmasidagi barcha siquv kompressor stansiyalari ishga tushirilib, boshqarma konlaridan gaz qazib chiqarish miqdorlari toʻliq qayta tiklandi.

    Shuningdek, Boshqaruv raisining topshirigʻiga asosan texnologik obyektlarda tashkil etilgan Tezkor shtablar tomonidan siquv kompressor stansiyalari va qurilmalarning barqaror, uzluksiz ishlashini taʼminlash uchun barcha zarur choralar koʻrilmoqda.

    Jumladan, quvur hamda texnologik uskunalarda muzlashga qarshi kimyoviy reagentlar bilan ishlov berish, nazorat oʻlchov asboblari, elektr qurilmalari, boshqa jihozlarning sovuq haroratda ham uzluksiz ishlashini taʼminlash boʻyicha ishlar davom etmoqda.