Avaza shahrida parlamentlararo hamkorlik istiqbollari muhokama etildi

    Turkmanistonning Avaza shahrida oʻtkazilayotgan BMTning dengizga chiqish imkoni boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlar boʻyicha uchinchi konferensiya doirasida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Ozarbayjon Milliy Mejlisi Raisi Sahiba Gafarova va Turkmaniston Mejlisi Raisi Dunyogoʻzal Gulmanova bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Samimiy ruhda oʻtgan muloqotda parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, koʻp tomonlama aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama etildi.

    Suhbat chogʻida Xiva shahrida oʻtkazilgan Birinchi Oʻzbekiston–Ozarbayjon parlamentlararo forumi ikki davlat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni mustahkamlashda samarali tajriba almashuv maydoniga aylangani taʼkidlandi. Shuningdek, Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30-yilligi munosabati bilan oʻtkaziladigan bunday forumlar ikki tomonlama aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

    Oʻzbekiston–Turkmaniston parlamentlararo hamkorlik guruhlari faoliyati izchil va samarali davom etayotgani eʼtirof etildi. Uchrashuvda mazkur yoʻnalishdagi ishlarni yanada kuchaytirish, jumladan, parlamentlararo komissiya doirasida mahalliy hokimiyat vakillarining ishtiroki orqali aloqalarni kengaytirish muhimligi qayd etildi.

    Muloqot davomida Markaziy Osiyoda parlamentlararo forumlarni muntazam oʻtkazish, chegaradosh hududlar oʻrtasidagi hamkorlikni faollashtirish, delegatsiyalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish kabi tashabbuslar mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirishga xizmat qilishi taʼkidlandi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.