Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati maʼlumotiga kura, kuni kecha Xalqaro ogʻir atletika federatsiyasi (IWF) hamda Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasining rasmiy vakillari mana shu masalaga bagʻishlangan videokonferensiya tashkil qilishdi.

Kun tartibidan 28-30-avgust kunlari “Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligi kubogi” onlayn xalqaro turnirini tashkil qilish masalasi oʻrin oldi. Xalqaro mutasaddilar mazkur tashabbusni katta qiziqish bilan qoʻllab-quvvatlashdi. Suhbat yakunida tomonlar ushbu bahslarni katta masshtabda yoritib borish borasida kelishib olishdi.

Yurtimizning bunday tashabbus koʻrsatayotganini eshitgan hamono bir qator mamlakatlar, jumladan, Saudiya Arabistoni, Xitoy, Qozogʻiston, Latviya, AQSH kabi terma jamoalar ushbu turnirda ishtirok etish istagini bildirishgan.

Umuman olganda, boʻlajak musobaqada 40 ga yaqin mamlakat vakillari ishtiroki kutilmoqda. Oʻz navbatida, karantin davrida boʻlishimizga qaramasdan, mamlakatimiz sporti rivoji yoʻlida tashkil qilinayotgan mazkur musobaqaning oʻtkazilishiga hukumatimiz ham xayrixohlik bildirayotganini taʼkidlash joiz. Bu borada musobaqa gʻolib va sovrindorlari uchun pul mukofotlari ajratilishi maʼlum qilindi. Bu esa musobaqaga boʻlgan qiziqishning yana-da ortishiga sabab boʻladi.

Oʻzbekiston, Milliy olimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi hamkorligida tashkil qilinadigan boʻlajak musobaqa esa Toshkent vaqti bilan oʻtkaziladi.