Bu haqda Ekologiya vazirligi maʼlum qildi.
Tartibga koʻra,
- har oyning 3-sanasiga qadar respublika boʻyicha qarzdor abonentlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining “Toza makon” billing elektron tizimidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning billing tizimiga uzatiladi.
- Soʻngra chiqindi xizmatlaridan qarzdor abonentlarga har oyning 5-sanasigacha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “2100” qisqa raqami orqali “SMS” xabarnoma yuboriladi.
- Abonentlarga ushbu ogohlantirish yuborilganidan keyin 5 (besh) kun qarzdorlikni bartaraf etish uchun qoʻshimcha muddat beriladi. Mavjud qarzdorlik ushbu muddat ichida toʻlanishi lozim!
Aks holda, abonentlar tomonidan belgilangan muddatda qarzdorlik bartaraf etilmasa, ularda elektr energiyasi uchun toʻlov qilish imkoniyati vaqtinchalik cheklanadi.
Mazkur cheklov qarzdorlik bartaraf etilishi bilan avtomatik tarzda yechiladi.
Maʼlumot oʻrnida, ushbu tartib 2025-yil 30-iyungacha boʻlgan qarzdorliklarga tatbiq etilmaydi.
Eslatib oʻtilishicha, mazkur tartib 2025-yilning 1-iyulidan chiqindi xizmatlaridan shakllangan qarzdorliklar uchun joriy yilning 1-avgustidan boshlab qoʻllaniladi.
Shu oʻrinda, sanitar tozalash korxonalari chiqindi toʻlovlarini hisoblashda aniqlik va haqqoniylik uchun javobgar hisoblanadi!
Agar abonentlarga sanitar tozalash xizmati oʻz vaqtida va sifatli koʻrsatilmasa, koʻrsatilmagan kunlardagi xizmatlar uchun toʻlovlar qayta hisob-kitob qilinadi.









