Tadbir mamlakatimiz elchixonasi va Avstriya Federal moliya vazirligi tashabbusi bilan oʻtkazildi.
Uchrashuv avvalida Avstriya federal moliya vaziri oʻrinbosari Andreas Rayxardt joriy yil may oyining boshida III Toshkent xalqaro investitsiya forumida delegatsiya rahbari sifatida qatnashganini mamnuniyat bilan taʼkidladi.
Vazir oʻrinbosari mamlakatimizda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlarni yuqori baholashini aytib oʻtdi. U Yoqilgʻi-energetika sohasini takomillashtirish, toza va «yashil» energetikaga oʻtish kabi loyihalarni amalga oshirishda Avstriya kompaniyalarini jalb etish masalasida koʻmaklashishga tayyor ekanligini izhor etdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston va Avstriya oʻrtasida energetika sohasida hamkorlikning istiqbollarini oʻrganish va ilgʻor loyihalarni birgalikda amalga oshirish maqsadida oʻzaro ishchi guruh tuzish masalasini har ikki tomon ham maʼqulladi.
Oʻzbekiston energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov oʻz navbatida, yigʻilganlarni mamlakatimizda soʻnggi yillarda energetika sohasida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar bilan yaqindan tanishtirdi.
Biznes muloqot yakunida Oʻzbekiston Energetika vazirligi va Avstriya Federal moliya vazirligi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi, deb xabar beradi «Dunyo» AA.
— Bizning kompaniyamiz gidroenergetika sohasida dunyoda yetakchi oʻrinlardan birini egallaydi, — dedi «ANDRITZ HYDRO» kompaniya vitse-prezidenti Norbert Shvars. — Kompaniya turbina yoʻnalishida 185-yildan ziyod, generator yoʻnalishida esa 125-yildan ziyod tajribaga ega. Bugungi kungacha biz dunyoning koʻplab davlatlariga quvvati 1-2 Megavattlik kichik stansiyalardan tortib, to 8 Megavattdan oshiq boʻlgan stansiyalarga turbinalarni yetkazib berganmiz.
Biz mamlakatingiz bilan gidroelektr stansiyalarni modernizatsiya qilib, ularni ishlash samaradorligini oshirish va yangi nasos stansiyalarni ishga tushirish loyihalari ustida ishlash niyatidamiz.