Avtobus ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlik muhokama etildi

    Sanoat 27 Sentabr 2023 1760

    Joriy yil 26-sentyabrda Toshkent shahar hokimi v.b. Shavkat Umurzakov “Gemilang Coachwork Sdn Bhd” kompaniyasining (Malayziya) bosh direktori Chong Yong Pang bilan uchrashdi.

    Chong Yong Pang uchrashuv uchun minnatdorlik bildirib, soʻnggi tashrifidan soʻng poytaxtda roʻy bergan ijobiy oʻzgarishlardan hayratda qolganini bildirib, Toshkent toza va jozibador shahar ekanligini taʼkidladi.

    Sh.Umurzakov soʻnggi yillarda nafaqat Toshkentda, balki butun respublikamizda keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilgani, buning natijasida mamlakatimizda qulay va shaffof investitsiyaviy muhit yaratilganini taʼkidladi. Rivojlanish yoʻnalishlaridan biri jamoat transporti harakatini optimallashtirish ekanini taʼkidlab, nafaqat Oʻzbekiston, balki qoʻshni davlatlar ehtiyojlari uchun avtobuslar ishlab chiqarish boʻyicha hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanligini bildirdi. Shu bilan birga, ekologik toza transport ishlab chiqarish ustuvor vazifa hisoblanadi. Shu munosabat bilan poytaxtimizdagi iqtisodiy zonalardan biri negizida R&D markazini tashkil etish taklifi bildirildi.

    Chong Yong Pang samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirdi va “Gemilang Coachwork Sdn Bhd” tijorat transporti, jumladan, shahar va shaharlararo avtobuslar ishlab chiqaruvchisi ekanligini aytdi. Malayziyada joylashgan GML avtobus kuzovlarini loyihalash, ishlab chiqarish va yigʻishga ixtisoslashgan. Shu tariqa, kompaniya yuqori sifatli, energetik va iqtisodiy jihatdan tejamkor transport ishlab chiqarish boʻyicha oʻzaro manfaatli hamkorlik qilish uchun zarur salohiyatga ega.

    Uchrashuv yakunida tomonlar “Toshkent Invest” va “Gemilang Coachwork Sdn Bhd” kompaniyalari oʻrtasida oʻzaro anglashuv kelishuvini imzoladilar, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.