Avtomobilni yongʻindan qanday asrash mumkin?

    Xavfsizlik 4 May 2023 2620

    Transportdagi yongʻin kutilmaganda sodir boʻlishi va juda tez rivojlanishi bilan xavflidir. Bunday vaqtda nima qilish kerak?!

    Aslida, avtomobillarda yongʻin kelib chiqishining sabablari juda koʻp. Amaliyotda eng koʻp uchraydiganlari bu – elektr simlarining qisqa tutashuvi hamda yonilgʻining sizib chiqishidir.

    Benzin va dizelda harakatlanuvchi avtomobillarda yonilgʻi sizib chiqishini darhol payqash qiyin. Agar dvigatel sovuq holatda boʻlsa, yonilgʻi hidini salonda ham sezish mumkin. Ammo dvigatel qizib turgan holda yonilgʻi juda tez bugʻlanadi va uni sezish mushkul. Benzin bugʻlari alanganlanish xususiyatiga ega, bu esa juda kichik uchqun ham yongʻinga sabab boʻlishini anglatadi.

    Siqilgan gaz balloni oʻrnatilgan avtomobillarda, asosan, gaz ballonlaridagi texnik nosozlik, yorilish, reduktor va gaz trubkasining ishdan chiqishi oqibatida koʻp miqdorda yonuvchi gaz tashqariga otilib chiqadi. Bu, oʻz navbatida, yonish va portlash xavfini yuzaga keltiradi. Bundan tashqari, ayrim hollarda salonda chekish, yengil alanlalanuvchi moddalarni tashishda eʼtiborsizlik oqibatida ham yongʻin sodir boʻlishi mumkin.

    Transport vositasida yongʻin sodir boʻlganda:

    1. Har qanday holda ham vahimaga tushmaslik lozim;
    2. Avtomobilni yoʻlning chetki qismiga, imkon boricha odamlar va binolardan uzoqroq joyda toʻxtating;
    3. Dvigatelni oʻchiring, “qoʻl tormozi”ni ishlating va “101” raqami orqali yongʻin-qutqaruv qismiga xabar qiling;
    4. Yongʻin oʻchogʻini va yongʻin koʻlamini baholashga haraka qiling;
    5. Agar yongʻin oʻchogʻi yonilgʻi baki yoki gaz ballonida boʻlsa, undan uzoqlashish kerak. Bunday yongʻinni oʻchirishga urinish xavfli. Qutqaruvchilar yetib kelgunicha yongʻinning boshqa avtomobillar va binolarga oʻtib ketishini oldini olish va insonlar xavfsizligini taʼminlash lozim. Agar yongʻin oʻchogʻi avtomobilning dvigatelʼ qismida boʻlsa, uni mustaqil oʻchirishga harakat qilish mumkin. Kapot qizigan boʻlishi va uni ochishda kuyib qolish ehtimoli bor. Bundan tashqari, kapotning ochilishi ichkariga kislorod kirib, yongʻinni yanada avj olishiga sabab boʻlishi mumkin. Shu sababli, yongʻin oʻchirgichni shay holatga keltirib, mato bilan kapotni ochish tavsiya etiladi;
    6. Yongʻin oʻchirgichni olovga toʻgʻrilab ishlatish, boshqa yoʻlovchi va haydovchilarni ham yordamga chaqirish lozim. Yongʻinni oʻchirishda tuproq, qor, ariq suvlaridan ham foydalanish mumkin;
    7. Bundan tashqari yongʻin joyini kiygiz, odeyal, brezent, kurtka va boshqa havo oʻtkazmaydigan mato bilan yopish mumkin. Faqat mato zich yopilishi kerak. Aks holda yongʻin yanada kuchayadi.

    Hech bir avtomobil yongʻin va boshqa favqulodda vaziyatlardan toʻliq muhofaza etilmagan. Yongʻin yuzaga kelishi uchun uchta element – yonuvchi modda (yonilgʻi, jihozlar va b.q.), yondiruvchi manba (elektr toki, yuqori harorat kabi) va kislorod talab etilib, ushbu “yongʻin uchburchagi”ning barcha elementlari avtomobillarda mavjud va kichik nosozlik ham yongʻinga sabab boʻlishi hech gap emas.

    Shu sababli, transport vositalarini texnik soz holatda boshqarish, harakat davomida hushyorlikni yoʻqotmaslik, avtomobilda birlamchi yongʻin oʻchirish vositalari boʻlishini taʼminlash lozim.