Mavzuga kengroq yondashadigan boʻlsak, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-maydagi “Transport vositalarining vazn va hajm parametrlarini nazorat qilishni joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegaralari orqali oʻtkazish punktlarida, avtomobil yoʻllarida xorijiy va milliy transport vositalarining vazn hamda hajm parametrlarini nazorat qilish tartiblari belgilangan.
Bu xavfsizligini taʼminlash, avtomobil yoʻllarining taʼmirlararo muddatlargacha buzilishining oldini olishga xizmat qiladi.
Ushbu qaror talablarini bajarish maqsadida Toshkent viloyatining Chinoz tumanida vazn oʻlchovchi koʻchma tarozi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ushbu tarozi M-39 xalqaro avtomobil yoʻlida yuk olib ketayotgan barcha turdagi yuk avtomobillarining ogʻirligi Oʻzbekiston Respublikasi avtomobil yoʻllari orqali harakatlanishi uchun belgilangan meʼyoriy oʻlchovlarga mos kelishini nazorat qiladi.
Shuni taʼkidlash lozimki, tarozi yordamida transport vositalariga ortiqcha yuk ortilgani yoki transport vositalarining har bir oʻqiga tushadigan ortiqcha yuk ogʻirligi aniqlangan taqdirda belgilangan tartibda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuziladi. Bundan koʻrinadiki, viloyatlararo yuk tashuvchi barcha yuk avtomobillari ortilgan yuk vaznini doimiy tarzda nazorat qilishi, ortiqcha yuk ortmasligi kerak. Aks holda jarimaga tortilish mumkin. Bundan tashqari, transport vositasiga ortiqcha yuk ortilgani aniqlangan taqdirda, ortiqcha yuklar tushiriladi va transport vositasi qayta oʻlchanganidan soʻng yoʻlga chiqariladi.