Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari 2022-yil yakunlari boʻyicha oʻtkazgan tahlil natijalariga koʻra, Oʻzbekistonda koʻrsatilgan bozor xizmatlari hajmi 357 554,5 milliard soʻmni tashkil etgan. Transport xizmatlari iqtisodiy faoliyat turlari boʻyicha bozor xizmatlari tarkibida savdo xizmatlaridan keyin ikkinchi oʻrinni egallagan (22,7 foiz).

Transport xizmatlari orasida avtomobil transporti eng katta ulushga ega – 51 foiz. Undan keyingi oʻrinlarni havo transporti (14,2 foiz), quvurlar orqali yetkazish (13,1 foiz) va temir yoʻl transporti (11,4 foiz) egallagan.

Respublika hududlari boʻyicha koʻrsatilgan transport xizmatlarining umumiy hajmida eng katta ulushga ega hududlar quyidagilar:

- Toshkent shahri – 13 112,7 milliard soʻm (25,5 foiz);

- Toshkent viloyati – 5 946,4 milliard soʻm (11,6 foiz);

- Samarqand viloyati – 5 333,6 milliard soʻm (10,4 foiz).

Eng past koʻrsatkichli hududlar:

- Navoiy – 1 497,9 milliard soʻm (2,9 foiz);

- Jizzax – 1 164,7 milliard soʻm (2,3 foiz);

- Sirdaryo – 666,2 milliard soʻm (1,3 foiz).

2022-yilda transport xizmatlari eksportida eng katta ulush quvur orqali tashish xizmatining hissasiga toʻgʻri kelgan (682 659,1 ming AQSH dollari). Undan keyingi oʻrinlarni temiryoʻl transporti (508 900,4 ming AQSH dollari), havo transporti (466 110,2 ming AQSH dollari) va avtomobil transporti (45 266,3 ming AQSH dollari) egallagan.