Аvtomobilda xalqaro tashuv uchun ruxsatnoma berish tartibi belgilandi

    Hukumat qarori (277-son, 07.07.2023 y.) bilan Аvtomobilda yuk va yoʼlovchilarni xalqaro tashishga ruxsatnomalarni ayirboshlash kvotasini belgilash, taqsimlash, berish va ulardan foydalanish tartibi toʼgʼrisida nizom qabul qilindi.

    Nizomga koʼra, ruxsatnomalarda avtomobilda yuk va yoʼlovchilarni xalqaro tashish turlari (ikki tomonlama, tranzit yoki uchinchi davlatga/dan tashish) va ulardan foydalanish shartlari koʼrsatiladi.

    Ruxsatnomalar quyidagi asosiy turlarga boʼlinadi:

    - ikki tomonlama yuk tashish uchun;

    - tranzit yuk tashish uchun;

    - uchinchi davlatga/dan yuk tashish uchun;

    - ikki tomonlama/tranzit yuk tashish uchun;

    - ikki tomonlama qatnovlarda yoʼlovchilarni nomuntazam tashish uchun;

    - tranzit qatnovlarda yoʼlovchilarni nomuntazam tashish uchun;

    - ikki tomonlama/tranzit qatnovlarda yoʼlovchilarni nomuntazam tashish uchun.

    Xorijiy/koʼp tomonlama ruxsatnomalarni olish uchun arizani milliy tashuvchi oʼzining ERIsi bilan tasdiqlagan holda “E-avto ruxsatnoma” ААT orqali takdim etadi va ariza olingan kundan 1 ish kunida koʼrib chiqiladi.

    Ruxsatnomani berish yoki berishni rad etish “E-avto ruxsatnoma” ААTda avtomatik tarzda amalga oshiriladi.

    Ruxsatnomalar ular berilgan kundan 90 kalendarь kun ichida vakolatli organga qaytarish sharti bilan tashuvchilarga beriladi.

    Har bir beriladigan xorijiy/koʼp tomonlama ruxsatnoma uchun BHMning toʼrtdan biri (82 ming 500 soʼm) miqdorida yigʼim undiriladi.

    Milliy tashuvchi tomonidan unga berilgan xorijiy/koʼp tomonlama ruxsatnomalarni yoki ular boʼyicha huquqlar uchinchi shaxslarga berilganligi aniqlangan taqdirda, “E-avto ruxsatnoma” ААTda avtomatik tarzda ushbu tashuvchiga – 3 oy muddatga, yil davomida qayta aniqlansa – 6 oy muddatga barcha xorijiy/koʼp tomonlama ruxsatnomalar berilishi toʼxtatiladi.