Avtomobildan tanasini chiqarib, “sayr qilgan” bolalarning ota-onasi javobgarlikka tortildi

    Ijtimoiy tarmoqlarda tanasini transport vositasidan chiqarib harakatlangan va xavfli manyovrni amalga oshirgan shaxslarning videosi tarqalib turli muhokamalarga sabab boʻlmoqda.

    Mazkur video Toshkent shahar IIBB tomonidan oʻrganildi.

    Joriy yilning 16-yanvarga oʻtar kechasi taxminan soat 03.30 larda Olmazor tumani Yangi Olmazor koʻchasida 2005-yilda tugʻilgan Sh.S. (haydovchilik guvohnomasi mavjud emas) davlat raqami 01K 805 MS boʻlgan ijaraga olingan Monza rusumli avtomobilda davlat raqamini yechib harakatlangan.

    Harakatlanish jarayonida transport vositasida tanishlari 2006-yilda tugʻilgan M.A., 2006-yilda tugʻilgan M.L., 2009-yilda tugʻilgan I.A.lar ham boʻlgan va yoʻl harakati qoidalarini buzgan. Transport vositasini boshqargan Sh.S. yoʻlovchilar M.L. va I.A.lar tanasini transport vositasidan chiqarib harakatlanishiga yoʻl qoʻygan va ularning hayotini xavf ostiga solgan.

    Mazkur holat yuzasidan voyaga yetmaganlarning ota-onasiga Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 47-moddasiga (“Bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik”) asosan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Transport vositasi jarima maydoniga qoʻyildi.

    Shuningdek, transport vositasini boshqarish jarayonida yoʻl harakati qoidalari buzilganligi holati yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB tomonidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.