Unga koʻra, yil boshidan buyon mamlakatimizning barcha hududlarida avtomobil savdosining sezilarli oʻsishi qayd etildi. Jumladan, eng yuqori oʻsish surʼatlari Namangan — 44 %, Qashqadaryo — 34% va Jizzax viloyatlarida – 23% kuzatildi.

Tahlillar shuni koʻrsatdiki, hozirgi kunda avtomobillarga boʻlgan talab ancha barqaror boʻlib, shu yilning yanvar oyida boshlangan faollik oʻsish tendensiyasini davom ettirmoqda. Avgust oyida avtomobil sotib olishga qiziqishning ortishi qayd etildi, bu valyuta kurslarining oʻzgarishi va isteʼmolchilarning pul mablagʻlarini investitsiya qilish istagi ortishi bilan bogʻliq.

Joriy yilning avgust oyida sotilgan avtotransport vositalarining umumiy soni 119,3 mingtani tashkil etdi, bu iyul oyiga nisbatan 16 % ga koʻp.

2021-yil avgust oyiga nisbatan avtomobil savdosi 2 baravar oshdi (+61,9 ming).

Eslatib oʻtamiz, yil boshiga kelib jismoniy shaxslarga tegishli avtomobillarning umumiy soni 3,1 mln.ni tashkil etdi, bu oʻtgan yilga nisbatan 0,28 mln.ga koʻp. Shunday qilib, Oʻzbekistonning har ming doimiy aholisiga oʻrtacha 87 ta avtomobil toʻgʻri keladi. Statistika maʼlumotlariga koʻra, mamlakatimizda har 12 kishidan biri avtomobilga ega.

Eng koʻp avtomobillar Toshkent shahrida roʻyxatga olingan - 525 028 ta. Poytaxtdan keyin eng koʻp roʻyxatga olingan avtomobillar Samarqand viloyatida — 392 475 ta, Toshkent viloyatida — 324 154 ta va Fargʻona viloyatida — 325 009 ta.

Hududlar boʻyicha jismoniy shaxslarga tegishli eng kam roʻyxatga olingan yengil avtomobillar Sirdaryo – 68 278 ta, Jizzax – 90 860 ta va Navoiy viloyatlarida – 97 439 ta qayd etildi.

Avgust oyida ikkilamchi bozorda 98 mingta avtomobil sotilgan, bu oʻtgan oyga nisbatan 21 foizga koʻp. Shu bilan birga, ikkilamchi avtomobil bozori yil davomida 2,2 barobar oʻsdi.

Avgust oyida mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillarning sotilishi 17 mingtani tashkil etdi va iyul oyiga nisbatan 7,5 foizga kamaydi. Shu bilan birga, 2021-yil avgust oyiga nisbatan savdo hajmi 1,8 baravar oshdi.