Mamlakatimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichida axborot iste'molchilarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatining OAVda keng yoritilishini ta'minlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Mana shu jarayonda mamlakatimizda qariyb 2000 ga yaqin OAV faoliyat ko'rsatmoqda. Axborot maydonida faoliyat ko'rsatayotgan barcha jurnalist va blogerlar aholiga xolis, haqqoniy axborot etkazib bermoqdami? Afsuski, bu savolga hamma vaqt ham ijobiy javob berish qiyin. Ayni jarayonda axborot iste'molchilarining huquq va manfaatlarini himoya qilish juda muhim.
O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi o'rtasida kelishuv — memorandum imzolanishidan ko'zlangan asosiy maqsad ham axborot iste'molchilarining huquqlarini himoya qilishdan iborat.