Axborot texnologiyalari — xotin-qizlar uchun qulay tanlov

    Inson o‘qib-izlanar ekan, muvaffaqiyat u bilan yonma-yon yuradi. Yurtimizda mehnati evaziga katta-katta yutuqlarga erishayotgan xotin-qizlar safi yildan yilga kengaymoqda.

    Tenge Market onlayn savdo platformasida mahsulot menejeri sifatida faoliyat olib borayotgan Maftuna Lutfullayeva ham ana shu safda.

    Maftuna Toshkent shahridagi Axborot texnologiyalari kollejida o‘qib yurgan kezlari qaysi sohani chuqur o‘rganishi kerakligini bilmasdi. “Technovation Uzbekistan” tanlovidagi ishtiroki uning hayotini tubdan o‘zgartirib yubordi. U o‘z ilovasini ishlab chiqib, bu jarayondan zavqlandi. Mana shu zavq tufayli sohaga qiziqishi ortdi.

    Toshkent shahridagi Inha universitetida axborot va kommunikatsiya muhandisligi bo‘yicha tahsil oldi. ITga qiziqishi talabalik yillarida yanada kuchaydi. Ayniqsa, intellektual kenglikka qiyoslanadigan startaplar uni o‘ziga tortaverdi.

    — Startap — bir necha kishining tinimsiz mehnati. Bu ish tavakkalchilikni talab qiladi, — deydi M. Lutfullayeva. — Uch yil davomida Calypso Intelligent Solutions kompaniyasida mahsulot dizayneri va mana shu kompaniyada asos solingan Coozin startapida mahsulot menejeri sifatida faoliyat olib bordim. Coozin startapi ayollarni uyda o‘tirgan holda ish bilan ta’minlashga qaratilgan, aniqroq aytsam, uyda pishirilgan taomlarni yetkazib berish xizmati. U xotin-qizlarning iqtisodiyotdagi faolligini oshirish va salohiyatini texnologiya orqali rivojlantirishni maqsad qilgan. Onlayn platforma uyda pishirilgan mazali va sifatli taomlarni arzon narxlarda sotib olish imkoniyatini beradi. Tenge Market onlayn savdo platformasida mahsulot menejeri bo‘lish bilan birga Women TechMakers, GDG Tashkent, ADPList tashkilotlarida ayollar va sohaga yangi kirib kelayotgan mutaxassislar uchun IT tadbirlarini tashkil kilishda yordam beraman.

    IT sohasida qizlar soni hali ham kam. Ba’zi kompaniyalarda boshqaruvni qizlarga ishonishga hamon qo‘rqishadi. Odamlar qizlarning malakali rahbar bo‘la olishiga ishonmaydi. Mening ishimga ishonchsizlik bilan qaraganlar bo‘lgan. Faoliyatim davomida xotin-qizlarning faolligi gender muvozanatni yanada samarali qilishini angladim.

    Jamiyatimiz mentalitetida ko‘proq insonparvarlik kasblari ayollarga mos keladi, degan fikr bor. Bu stereotip noto‘g‘ri. Ammo hozir ijobiy o‘zgarishlar tez-tez ko‘zga tashlanmoqda. IT sohasiga qiziqayotgan qizlar soni ortib bormoqda. Chunki bu yerda istalgan joyda ishlashingiz mumkin, ma’lum bir ish joyiga bog‘lanish yo‘q. Bundan tashqari, moslashuvchan ish soatlari bo‘lgan lavozimlarni topasiz.

    Inson hech qachon yangi narsalarni sinab ko‘rishdan qo‘rqmasligi kerak. Asosiysi, boshlash va bajarish. Harakat va xohish esa o‘z mevasini bermay qo‘ymaydi.

    Opa-singillarimizda kompyuter grafikasi va dizaynerlik faoliyati bo‘yicha o‘qish, mobil ilova, veb-sayt, dasturiy mahsulotlarni yaratish hamda dasturchi sifatida shakllanishga intilish kuchli. Buning uchun mamlakatimizda zarur shart-sharoit yaratilgan. Faqat ayrim stereotiplarni yengish, orzu-maqsadlar yo‘lida dadil odimlash, imkoniyat va imtiyozlardan unumli foydalanilsa, bas. Bu bilan nafaqat daromad topib, ro‘zg‘origa butlik olib kiradi, balki jamiyat rivojiga ham munosib hissa qo‘shadi.

    Zero, bugun dunyoda kun sayin yangidan yangi nou-xaular yuzaga kelmoqda, jahon iqtisodiyotining raqamlashuvi va boshqa omillar texnologiyalar sohasi oldiga yuksak vazifalar qo‘ymoqda. Shu nuqtai nazardan, jahon maydonida mustaqil, qat’iy fikr va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmasiga ega yetuk kadrlarga ehtiyoj bo‘laveradi.

    “Yangi O‘zbekiston” muxbiri

    Risolat MADIYEVA yozib oldi.