Unda Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Buxoro davlat tibbiyot instituti, Namangan davlat pedagogika instituti, O‘zbekiston Milliy universitetining Jizzax filiali hamda yagona nodavlat Oliy ta'lim muassasasi – Urganch innovatsion universitetining talaba-yoshlardan iborat faol jamoalari ishtirok etdi.

Urganch innovatsion universitetining «Xorazm gavhari» jamoasi 1-shartda Xorazm vohasining boy ma'naviy merosini o‘zida mujassam etgan «Oq olish», «Qulluq», «Orjo ochar», «Xodim chiqar» va «Qand ushatish» kabi qadimiy urf-odatlarni o‘zgacha ruhda sahnaga olib chiqdi.

10 daqiqa vaqt ajratilgan 2-shartda esa Xorazmning ko‘hna va betakror ananalaridan biri bo‘lgan – «Qovun sayli» o‘ziga xos badiiy kompozitsiya asosida tasvirlandi. «Galing-galing, qovun saylina galing» qo‘shig‘i sadolari ostida dehqon mehnati, qovun navlarining qadri va xalqona sayl muhiti mahorat bilan gavdalantirildi. Sahnaviy chiqishlar davomida «Qum pishiki», «Cho‘girma» kuylariga raqslar, «Qovun-qovunla» qo‘shig‘i hamda milliy san'atimizning bebaho durdonasi bo‘lgan «Lazgi» ijrosi tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.

Navbat 3-raqamdagi bilimlar baxsiga yetib keldi. Bunda jamoa a'zolari o‘zlarining yuksak intellektual salohiyatini ko‘rsata oldi va hakamlar hay'ati tomonidan berilgan 10 ta savoldan 9 tasiga aniq, mukammal javob qaytardi. Natijada, «Xorazm gavhari» jamoasi milliy qadriyatlarni targ‘ib etish, tarixiy merosni ulug‘lash va yoshlar salohiyatini namoyon etish borasida alohida e'tirof etildi.

– Bu tanlov o‘zbekona urf-odatlarimizni chin manoda ulug‘lab, tarannum etishda muhim ahamiyat kasb etdi, - deydi Urganch innovatsion universiteti o‘qituvchisi, ijodiy jamoa murabbiysi Oyshajon Otajonova. – Shu bilan bir qatorda biz – ustoz-murabbiylar talaba-yoshlarimizni milliy va umuminsoniy, ijtimoy-axloqiy, madaniy va ma'naviy qadriyatlarimiz, anana va urf-odat, milliy san'atimiz bilan yaqindan tanishtirish, jadidlarimiz hayotini chuqur o‘rgatish orqali ularning tarixiy tafakkurini oshirishga alohida etibor qaratdik.

Urganch innovatsion universiteti jamoasi mazkur ko‘rik-tanlovning final bosqichida yuksak mahorat, chuqur bilim va betakror sahna madaniyatini namoyish etib, faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Mazkur g‘alaba Urganch innovatsion universiteti talaba-yoshlarining bilim, istedod va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalanayotganining yana bir yorqin tasdig‘idir. Xorazmning boy madaniy merosi va qadriyatlarini munosib himoya qilgan «Xorazm gavhari» jamoasi tanlovning eng yorqin kashfiyoti bo‘ldi!

 

Gulnoza UMIROVA,

jurnalist.