2026-yil 22-yanvar kuni “Davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmati rahbarlarini attestatsiyadan oʻtkazish hamda ularning faoliyat samaradorligini baholash tartibi toʻgʻrisida”gi nizom Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi (roʻyxat raqami: 3760-son).
Tartibga koʻra, talabgor Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida (keyingi oʻrinlarda Markaz) har 3-yilda 1 marotaba attestatsiyadan oʻtishi shart.
Talabgorlarni attestatsiyadan oʻtkazish uchun Markaz direktorining buyrugʻi bilan kamida 7 kishidan iborat Attestatsiya komissiyasi tuziladi. Komissiya attestatsiyadan oʻtish muddati kelgan talabgorlarning roʻyxatini taqdim etish boʻyicha davlat organlari va tashkilotlariga murojaat qiladi.
Komissiya tomonidan talabgorlarning anketasi 10 kun ichida atroflicha oʻrganib chiqilib, attestatsiyadan oʻtadigan talabgorlar roʻyxati tasdiqlanadi. Attestatsiya 2 oy ichida oʻtkaziladi.
Attestatsiya 5 ta savol va amaliy sinovlardan iborat ogʻzaki suhbat shaklida oʻtkaziladi va natijalar 5 ballik tizimda baholanadi. Bunda kamida 4 ball bilan baholangan talabgor attestatsiyadan oʻtgan deb topiladi va unga attestatsiyadan oʻtganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma beriladi.