Aylanmadan olinadigan soliq hisoboti endi avtomatik tarzda toʻldiriladi

    Biznes 10 Sentabr 2020 10842

    Davlat soliq qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 522-sonli qarori va Soliq kodeksining 47-moddasiga asosan 2020-yil 1-yanvardan boshlab, barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar hisobvaraq-fakturalarni elektron shaklda yuritishga toʻliq oʻtishi majburiyligini hisobga olib, soliq toʻlovchilar uchun soliq hisobotini toʻldirish jarayonini yana-da optimallashtirmoqda.

    Xususan, aylanmadan olinadigan soliq hisoboti shakllantirishda yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan xatoliklarning oldini olish maqsadida endilikda hisobot shaklining “Tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan olingan daromadlar” satrining 3 ustuni elektron hisobvaraq-faktura (EHF) tizimidagi korxona tomonidan yuborilgan va holati tasdiqlangan EHFlarning summasi yigʻindisidan kelib chiqib, avtomatik ravishda toʻldiriladi.

    Bunda faoliyat turlari boʻyicha olingan daromadlari summasi (010-sartning 4,5,6,7,8,9- ustunlariga) jami realizatsiya summasi avtomatik tarzda 010-sartning 3-ustunida shakllanadi. Agar asosiy faoliyat bilan bir qatorda boshqa faoliyat turlari amalga oshirilsa 010-sartning 4,5,6,7,8,9- ustunlariga raqamlari qoʻlda kiritiladi va 010-satr 3-ustunning summasiga mutanosibligi tekshiriladi.

    Biroq, 2020-yil uchinchi va toʻrtinchi choraklar uchun korxonaning jami daromadi EHF tizimida joriy chorak uchun rasmiylashtirilgan EHF maʼlumotlari va oʻtgan chorak uchun soliq organlariga taqdim etilgan hisobotning 010-satr 3-ustunidagi qiymat yigʻindisi asosida shakllantiriladi.

    Aylanmadan olinadigan soliq hisoboti 2021-yildan boshlab, jami daromad EHF tizimi orqali korxona tomonidan yuborilgan va tasdiqlangan EHFlarning summasi yigʻindisidan kelib chiqqan holda shakllantiriladi.

    Ushbu imkoniyat joriy qilinishi bilan xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasida tuziladigan shartnomalar asosida tovar (xizmat)lar realizatsiyasidagi shaffoflik ortib, xufiyona iqtisodiyotning oldi olinadi.

    Shuningdek, tovarlar eksport qiluvchi tadbirkorlik subyektlarning jami daromadi ular tomonidan amalga oshirilgan eksport operatsiyalari toʻgʻrisidagi maʼlumot Davlat bojxona qoʻmitasidan olingan maʼlumotlar asosida avtomat shakllanadi.

    Hisobotlar toʻliq va toʻgʻri aks etishi uchun soliq toʻlovchining EHF tizimi orqali joʻnatgan va qabul qilingan EHFlari “tasdiqlangan” boʻlishi lozim.

    Aylanmadan olinadigan soliq hisobotini toʻldirish bilan bogʻliq eng koʻp beriladigan savollarga javoblar tez fursatlarda Davlat soliq qoʻmitasining rasmiy axborot manbalarida eʼlon qilinadi.

    Maʼlumot uchun: hozirgi kunda respublika miqyosida 267 864 ta xoʻjalik yurituvchi subyekti aylanmadan olinadigan soliq toʻlovchisi sifatida roʻyxatga olingan. Ularning 124 168 tasi yoki 46,3 foizi elektron hisobvaraq-fakturalar aylanish tizimidan foydalanmoqda.

    DSQ Matbuot xizmati