Joriy yilning 30-iyun holatiga 2021-yil gʻalla hosilidan respublika boʻyicha davlat ehtiyojiga qabul qilingan 2 million 133 ming 864 tonna bugʻdoy donning 99,2 foizi 3-sinfni, 0,5 foizi 4-sinfni va 0,3 foizi 5-sinfni tashkil qiladi.
Inspeksiyaning hududiy boshqarmalari va tuman boʻlimlari mutaxassislari tomonidan don qabul qilish korxonalariga qabul qilinayotgan donlarning sifati qayta sinovdan oʻtkazilganda, korxona laboratoriyalari xodimlari tomonidan donning sifatini notoʻgʻri aniqlash hisobiga fermer xoʻjaliklariga jami 269 million 886 ming 300 soʻm kam, 4 million 769 ming 100 soʻm koʻp toʻlanganligi aniqlanib, xoʻjaliklarga qayta hisob-kitob qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Don topshiruvchilar va qabul qiluvchi korxonalar oʻrtasida donning sifati va sinfi boʻyicha yuzaga kelgan 34 ta nizoli masalalar joyida hal etildi.
Davlat ehtiyoji uchun xarid qilinayotgan boshoqli donning sifati toʻgʻri tahlil qilinishi Inspeksiya mutaxassislari tomonidan kunlik nazoratga olingan, deya xabar beradi Inspeksiyaning Don, urugʻlar va ularni qayta ishlashdan olingan mahsulotlardan foydalanishni nazorat qilish boʻlimi boshligʻi Sardor Zuparov.