Imomovaning oilaviy sharoitini hisobga olgan mahalladagilar uni “Ayollar daftari” roʻyxatiga kiritishgandi. Bu orada mahalla faollariga Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan: “Shirin mahallasi chegara hududida joylashganligi munosabati bilan bu joyda federatsiya homiyligida “Ayollar goʻzalik saloni” tashkil etiladi”, degan mazmundagi xabar keldi.

Mahalla faollari maslahatlashib, bu ishga Goʻzal Imomovaning nomzodini munosib koʻrishdi. “Ayollar goʻzallik saloni” uchun mahalla hududidan to joy ajratilgunicha Goʻzal Imomovani xotin-qizlar sochini turmaklash, manikyur, pedikyur hunarlarini egallash uchun Toshkent shahriga ikki haftalik malaka oshirishga joʻnatishdi. Soʻng Sariosiyo tumani Bandlik markazi tomonidan tashkil qilingan monomarkazda ham u bir oy oʻqidi. Bugun Goʻzal Imomova ishli, “Ayollar daftari” roʻyxatidan chiqarildi. Kasaba uyushmalari respublika federatsiyasi tomonidan 73 million soʻmga konteynerdan tayyorlangan, ichida barcha qulayligi bor “Ayollar goʻzallik saloni”da Goʻzal Imomova “Yoshlar daftari” roʻyxatida turgan Mastona Poʻlatova va Durdona Boymirzayeva bilan qishloq ayollarining goʻzalligiga goʻzallik, chiroyiga chiroy qoʻshish uchun oʻz hunarlarini sidqidildan ado etishyapti. Albatta, tekinga emas.

— Halqimizda “Onangni otangga bepardoz koʻrsatma”, degan naql bor, — deydi Goʻzal Imomova oʻzi bajarayotgan ishidan mamnun boʻlib. — Qishlogʻimizda “Ayollar goʻzallik saloni” ochilganidan buyon xotin-qizlar, ayniqsa boʻyi yetgan qizlar salonimizga tez-tez tashrif buyuradigan boʻlib qolishdi. Nikoh toʻylari boʻlayotgan kelinlar ham mijozimizga aylangan.

Shuningdek, xuddi shunday “Ayollar guzallik saloni” Uzun tumanidagi “Mustakillikning 22 yilligi”, Termiz tumanidagi “Gulbahor”, Sherobod tumanidagi “Uchyogʻoch” mahallalari hududida ham bunyod etilib, “Ayollar daftari” roʻyxatida turgan xotin-qizlar ishli qilindi.

Usmonali NORMATOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri