Albatta, bu eʼtirof barchamizni mamnun etish bilan birga, masʼuliyatimizni ham chandon oshirdi.

Aslida, ayolni eʼzozlash, opa-singillarimizni rozi qilishga erishish oʻz-oʻzidan boʻladigan oson ish emas. Bularning barchasi yurtimizda inson manfaatlarini koʻzlab amalga oshirilayotgan uzluksiz islohotlar samarasidir.

Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, oila va xotin-qizlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasida katta yangiliklar boʻldi. Qonunchilikda, boshqaruv tizimida oila va xotin-qizlar masalalariga yanada chuqur yondashadigan mexanizmlar, qator institutsional oʻzgarishlar amalga oshirildi. Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy hayot jabhalarida faolligini oshirish boʻyicha 2022–2026-yillarga moʻljallangan chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan milliy dastur qabul qilindi. Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash sohasida davlat boshqaruvi organi – Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi tashkil etildi. Mahallaga va xonadongacha kirib boradigan vertikal tizim yaratildi.

Prezidentimizning “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmoni asosida mazkur ishlar izchil davom etmoqda.

Hayotga tatbiq etilayotgan keng koʻlamdagi islohotlar samarasida mahallalarda xotin-qizlar faoli lavozimi joriy etilgani, ularga davlat xizmatchisi maqomi berilgani va vakolatlari kengaytirilishi har bir ayolning orzu-niyatlarini amalga oshirish, muammolari yechimiga tezkor koʻmak berish borasida katta yutuq boʻldi. Ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarning uy-joy muammosini hal etish, sogʻligʻini tiklash, ijtimoiy reabilitatsiya qilish, tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi ish boshladi. Hududlarda Xotin-qizlar tadbirkorlik, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari samarali faoliyat yuritmoqda.

Davlat tashkilotlarida uzoq yillar faoliyat olib borgan, obroʻ-eʼtiborli va hayotiy tajribaga ega faol, tashabbuskor ayollar saʼy-harakatini bir gʻoya, bir maqsad atrofida birlashtirish yoʻlida “Oqila ayollar” harakati tashkil etildi. Mahallalarda koʻchaboshi va uyboshi ayollar saylab olindi. Bugungi kunda “Koʻchaboshi ayollar” hamda “Oqila ayollar” harakatlari ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash ishlarida bevosita Oila va xotin-qizlar qoʻmitasiga yelkadosh boʻlib ish olib bormoqda. Bu chora-tadbirlar “Hech bir ayol davlat va jamiyat eʼtiborisiz qolmaydi” degan qatʼiy tamoyil asosida amalga oshirilmoqda.

Xotin-qizlarga koʻrsatilayotgan xizmatlar samaradorligini oshirish, shaffofligini taʼminlash, xizmat koʻrsatish qamrovini kengaytirish ham muhim vazifa. Bu mahallada istiqomat qiluvchi har bir xotin-qizning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli, ehtiyoji, muammolari haqidagi maʼlumotlarni jamlash, tahlil qilish hamda tezkor amaliy yordam koʻrsatishga zamin yaratadi. Shu maqsadda mamlakatimizda xotin-qizlar haqidagi maʼlumotlar jamlangan “Xotin-qizlar.uz” milliy platformasi, 17 yoʻnalish va 138 maʼlumot bazasini oʻz ichiga olgan “Xotin-qizlar balansi” yaratildi.

“Ayollar daftari” – imkoniyatlar manbai

Ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan ayollar muammolariga yechim topish, ularni tashvishlardan xalos qilish, orzu-umidlarini roʻyobga chiqarishda “Ayollar daftari”ning muhim oʻrni bor.

Bu tizim orqali “Ijtimoiy davlat” tamoyili mezonlariga mos ravishda milliondan ortiq ehtiyojmand xotin-qizning ijtimoiy-moliyaviy ahvoli yaxshilanib, oʻzini tutib olishiga koʻmaklashilmoqda. Jumladan, “Ayollar daftari” bilan ishlash tizimining 1–2–3-bosqichida jami 1,5 milliondan ziyod xotin-qizga amaliy yordam koʻrsatildi va bu ishlarga 3,2 trillion soʻmdan koʻproq mablagʻ yoʻnaltirildi. 4-bosqichdagi chora-tadbirlar doirasida 1 milliondan ziyod ehtiyojmand xotin-qizning 719 ming 697 nafariga amaliy yordam berildi.

“Ayollar daftari” boʻyicha uch yillik tajribadan kelib chiqib aytish mumkinki, 4-bosqichda ayollarga bir-ikki yordam koʻrsatish bilan cheklanish yetarli emas ekan. Shu bilan birga, ularning ijtimoiy-moliyaviy ahvoli yaxshilanishiga, mustaqil hayot kechirishga tayyor boʻlishiga koʻmak berilishi ham muhimdir. Keyingi yillarda boquvchisini yoʻqotgan 26 mingdan ziyod oila va yordamga muhtoj xotin-qizlar uy-joy bilan taʼminlandi. 17 ming 461 nafar xotin-qizga ijara kompensatsiyasi toʻlandi, 12 ming 861 nafarining uy-joyi taʼmirlab berildi. Har yili qariyb 50 ming nafar ehtiyojmand xotin-qizning “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil” dasturi doirasida ichki turistik sayohatlari tashkillashtirilmoqda.

Prezidentimizning tegishli qaroriga asosan, mahallalarda ijtimoiy xizmat koʻrsatish va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yordam berishni yangi bosqichga koʻtarish hamda xotin-qizlarni kasbga oʻrgatish ishlarini yanada jadallashtirish maqsadida kompleks yondashuv asosida ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish tizimi yaratildi. Mazkur muhim jarayon mahalla xotin-qizlar faolining bevosita hamkorlikdagi faoliyati natijasida amalga oshirildi. Xotin-qizlar faollarini maxsus dastur oʻrnatilgan planshetlar bilan taʼminlash orqali bugungi kunga qadar 8 million 300 mingdan ziyod oila oʻrganildi. Ularning jami 465 ming 600 ga yaqin ijtimoiy xizmatga boʻlgan ehtiyoji taʼminlandi.

Jamiyatda eng muhim omil, bu – inson huquqi, uning qadr-qimmatini himoyalash. Oʻtgan davr mobaynida xotin-qizlarga tazyiq va zoʻravonlikka nisbatan murosasizlik muhitini yaratish, ular manfaatlarini taʼminlash borasidagi qonunchilik takomillashtirildi. Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari, “Ijtimoiy maslahatxona”lar tashkil etildi. Shuningdek, Bosh prokuratura hamda Ichki ishlar vazirligi tizimida xotin-qizlar huquqlarini himoyalash masalalari alohida nazoratga olindi.

Xotin-qizlarning, xususan, oilaviy zoʻravonlik yoki tazyiqqa uchragan ayollarning murojaatiga tezkor yordam koʻrsatish maqsadida “1146” qisqa raqamli ishonch telefoni ishga tushirildi.

Yana bir yaxshi yangilik. Oila va xotin-qizlar boʻlimi vakillarining sud jarayonlaridagi kafilligi asosida 57 xotin-qiz javobgarlikdan ozod etildi.

Davlat dasturi ijrosi doirasida oilaviy, maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash, sogʻlom turmush tarzini targʻib etish yoʻnalishida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, oilaviy nizolar yechimiga mediatsiya usullari asosida yondashuv kuchaytirildi. Oilalar bilan individual ishlash tizimi joriy qilindi.

Mahallalarda tashkil etilgan “Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasi” tarkibiga tarbiyaviy taʼsir oʻtkaza oladigan 45 mingdan ziyod faol jalb qilindi. Tuman (shahar) Oila va xotin-qizlar boʻlimlari huzurida tashkil etilgan Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlarida yaqin 2,5 yil davomida nikohlanuvchi 182 mingdan ziyod shaxs oilaviy-huquqiy munosabatlar, oilaviy hayot psixologiyasi, oila iqtisodi va byudjeti, reproduktiv salomatlik asoslari, maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash masalalari boʻyicha oʻqitildi.

Bugun xotin-qizlar taʼlimini qoʻllab-quvvatlash, ehtiyojmand oila vakillarining oliy maʼlumotli boʻlishi va kasbiy koʻnikma olishi borasida samarali davlat siyosati amalga oshirilayotganini alohida eʼtirof etish zarur. Bu borada “Hech kim eʼtibordan chetda qolmasligi” tamoyili hamda ijtimoiy himoyalash gʻoyasi ustuvor boʻlmoqda. Xususan, “Ayollar daftari”ni yuritish, “Ayollar balansi”ni shakllantirish, OTMga qoʻshimcha davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari doirasida ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish hamda mutaxassisligi boʻyicha kamida besh yil mehnat stajiga ega boʻlganlarga qoʻmita tomonidan tavsiyanoma berish tizimi joriy etildi.

Ehtiyojmand oilalardagi ilmga intilgan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida xotin-qizlar.uz platformasi orqali 2022 yilda test sinovlari natijasiga koʻra, eng yuqori ball toʻplagan 2000 nafarga yaqin qiz oliy taʼlim muassasalariga davlat granti asosida talabalikka qabul qilindi. 2023-yil uchun tuman (shahar) oila va xotin-qizlar boʻlimlari qoshidagi komissiyalar tomonidan 50 668 nafar talabgorning hujjatlari qabul qilindi. Mezon talablari asosida 38 702 nafar talabgorga tavsiyanoma berildi.

Mutaxassisligi boʻyicha kamida besh yil mehnat stajiga ega boʻlgan, lekin oliy maʼlumotga ega boʻlmagan 507 nafar xotin-qiz 2022-yilda oliy taʼlim muassasalariga kontrakt toʻlovi asosida talabalikka qabul qilindi. 2023-yilda tuman (shahar) komissiyalari tomonidan 12 563 nafar talabgorning hujjatlari qabul qilindi. Mezon talablari asosida 11 993 nafar talabgorga tavsiyanoma berildi.

14 100 nafar magistraturada oʻqiyotgan talaba qizning
153,4 miliard soʻm kontrakt toʻlovi toʻlab berildi. Oliy taʼlim muassasalarida oʻqiyotgan 133 973 nafar talaba qizga 7 yil muddatga 1 243,9 milliard soʻm miqdorida foizsiz taʼlim krediti berildi.

Gender tenglik va taraqqiyot

Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini keng targʻib qilish uchun gender masalalari boʻyicha 140 nafar trener hamda 28 targʻibot guruhi shakllantirildi. “Gender-madad” elektron huquqiy maslahat platformasi hamda uning mobil ilovasi ishga tushirildi. Ularga “Ayollar huquqiy himoyasi”, “Gender tenglik”, “Ayollarga imtiyozlar”, “Oilaviy munosabatlar” va “Oilaviy zoʻravonlik” kabi huquqiy mavzularga oid maʼlumotlar bazasi joylashtirildi hamda huquqiy maslahatlarni onlayn chat orqali berish tizimi yoʻlga qoʻyildi.

“Davlat boshqaruvida xotin-qizlar faolligini oshirish dasturi” ishlab chiqildi. Davlat boshqaruvining turli sohalarida faoliyat olib borayotgan rahbarlik salohiyati va qobiliyatiga ega boʻlgan 25 mingdan ziyod xotin-qizdan zaxira kadrlar shakllantirildi. Saralab olingan 100 nafari Davlat boshqaruvi akademiyasida “Rahbar ayollar maktabi” dasturi asosida 2 oylik oʻquv kursida oʻqitildi.

Jamiyat hayotida faol ishtirok etayotgan hamda ibratli farzand tarbiyalayotgan 314 ayol “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni bilan mukofotlandi. Tashkilot, korxona va muassasalarda ishlayotgan xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish maqsadida 138 ta markaziy muassasa hamda 19 ming 123 ta korxona va tashkilotda xotin-qizlar masalalari boʻyicha boshlangʻich tashkilotlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ularni tizimli tashkil etish maqsadida Davlat boshqaruvi akademiyasida boshlangʻich tashkilot raislari uchun seminar-trening oʻtkazildi.

Sogʻlom ayol – sogʻlom kelajak

Salomatlik – bebaho boylik, uni asrash esa insondan doimiy eʼtibor talab etadi. Ammo oila tashvishiga koʻmilib yashaydigan ayol oʻz sogʻligʻiga doimiy eʼtibor qaratavermaydi. Natijada ogʻir kasallikka giriftor boʻlgach, bu muammodan faqat oʻzi emas butun oilasi, farzandlari ham aziyat chekadi. Shu bois, xotin-qizlar orasida, oilalarda targʻibot ishlarini tashkil etishda sogʻlom turmush tarzi targʻibotiga alohida eʼtibor qaratiladi.

Oilalarda sogʻlom turmush tarziga rioya etilishi boʻyicha “Xonadon gigiyenasini baholash” elektron platformasi yaratildi. 2022-yildan bugunga qadar 5 million 100 mingdan ziyod xotin-qiz birlamchi onkoskrining tekshiruvidan oʻtkazildi. Natijada 5,4 mingdan ziyod ayolda saraton kasalligi mavjudligi dastlabki bosqichdayoq aniqlanib, davolanishi yoʻlga qoʻyildi. Shu bilan birga, 1,13 milliondan ziyod nuroniy onaxon chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Ularning 205 ming 407 nafari zarur dori-darmon, oziq-ovqat bilan taʼminlandi, 16 ming 699 nafarining sanatoriylarda davolanishi tashkil etildi, 13 ming 988 nafariga reabilitatsiya vositalari taqdim etildi.

Xotin-qizlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish borasida yil boshidan buyon 13 mingdan ortiq sport musobaqalari, “Sport malikalari” haftaligi, “Sogʻlom oila – yangi Oʻzbekiston tayanchi” shiori ostida uch bosqichli sport musobaqalari, “Sport – nafislik va salomatlik manbai” shiori ostida mehnat jamoalarida sport festivallari oʻtkazildi. Ushbu tadbirlarda 600 mingdan ziyod xotin-qiz faol ishtirok etdi.

“Farovon oila – kelajak poydevori” shiori ostida oilalarni mustahkamlash borasida mahallalarda 62 ming 183-marta targʻibot tadbirlari oʻtkazilib, ularga juda koʻp oilalar, jumladan 1 million 733 mingdan ziyod xotin-qiz qamrab olindi. “Ayoli eʼzozlangan yurt”, “Ayol – jamiyat koʻzgusi”, “Ayol – mehr, sadoqat, taraqqiyot timsoli” shiorlari bilan madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazildi.

Albatta, bunday ishlardan koʻzlangan maqsad aniq: xotin-qizlarning sogʻligʻini asrash, oilada va jamiyatdagi mavqeini mustahkamlash, eng muhimi, opa-singillarimizni eʼzozlash va har tomonlama qoʻllab-quvvatlash. Zero, ayol qadr topgan jamiyatda tinchlik-osoyishtalik muhiti barqaror boʻladi. Tinchlik, xotirjamlik bor joyda esa yuksalish va taraqqiyot kuzatiladi.

Mukarram NURMATOVA,

Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi oʻrinbosari,

falsafa fanlari doktori, professor