Xotin-qizlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, huquqlarini himoya qilish, bandligini taʼminlash maqsadida Xorazm viloyati reabilitatsiya va moslashtirish markazi hamda Gurlan reabilitatsiya qilish va moslashtirish tumanlararo namunali markazi tashkil etildi. Amalga oshirilayotgan ishlarda oilalardagi maʼnaviy-axloqiy muhitni yaxshilash, yoshlarni oilaga tayyorlash, ularni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash ham koʻzda tutilgan.

Joriy yilning besh oyi davomida viloyat reabilitatsiya va moslashtirish markaziga 119 taGurlan reabilitatsiya qilish va moslashtirish tumanlararo namunali markaziga 16 ta murojaat kelib tushgan. Mazkur murojaatlar asosida ayollarga tibbiy, huquqiy, psixologik yordamlar koʻrsatildi.

Tegishli tashkilotlar bilan birgalikda “uyma-uy” yurilib, viloyat boʻyicha notinch oilalarning manzilli roʻyxati shakllantirildi. Profilaktik ishlar natijasida oilalarning ruhiy holati oʻrganilib, ijtimoiy-maʼnaviy sogʻlomlashtirish xizmati amalga oshirildi.

Viloyatda “Ayollar daftari” roʻyxatiga kiritilgan 35 ming 511 nafar xotin-qizlarning 11 ming 591 nafariga amaliy yordamlar koʻrsatildi. Ular orasida boquvchisi boʻlmagan, ijtimoiy yordamga muhtoj, I va II guruh nogironi boʻlgan, uy-joyga muhtoj, shuningdek, qaramogʻida nogironligi boʻlgan bolalari mavjud ehtiyojmand ayollar ham bor.

Shu yilning besh oyi davomida “Ayollar daftari” roʻyxatida turuvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlarning tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagida boʻlgan 958 nafariga faoliyatini yoʻlga qoʻyishi uchun amaliy yordam koʻrsatildi.

Targʻibot-tashviqot ishlarida xotin-qizlarimizning huquqiy bilimini oshirish, ularni tadbirkorlik bilan shugʻullanishlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan doimo xabardor qilishga alohida eʼtibor qaratilyapti. Shuni ham taʼkidlash lozimki, sayyor qabullarda, aholi bilan uchrashuvlarda erkaklarga qaraganda ayollar faollik koʻrsatayotganini koʻp bor guvohi boʻlyapmiz. Muloqotlar chogʻida ijtimoiy turmush, oila tashvishlarini erkaklar emas, asosan ayollar oʻz gardaniga olib, kuyinchaklik koʻrsatyapti. Yaʼni, mavjud muammolarning barchasi xotin-qizlar tomonidan ilgari surilyapti. Ular farzandlarining ovqatlanishidan tortib, kiyinishigacha, tomorqa xoʻjaligi, elektr, gaz, suv taʼminoti, bozor-oʻchar, obodonlashtirish, umuman, kundalik hayotda uchrayotgan nuqsonlarning oʻnglanishidan manfaatdor ekanini bildirayotir.

Bu ayollar, xotin-qizlarning jamiyatda faolligi, huquqiy madaniyati oshib borayotganidan va ularning oʻz oilasiga boʻlgan masʼulligi yuqorilayotganidan dalolatdir.

Xorazm viloyatida bugungi kunda 527 mingdan ziyod oilalar mavjud boʻlib, afsuski, ular orasida maʼlum bir sabablar tufayli nizoli holatlarni boshdan kechirayotganlar ham bor. Oila turmush darajasidagi notinch oilalarning manzilli roʻyxati shakllantirilib, oilada va mahallalarda tinch osoyishta, yosh avlodni sogʻlom turmush tarzini milliy maʼnaviy qadriyatlarimizga tayangan holda keng targʻib etish orqali maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash borasida targʻibot ishlari olib borilyapti. Fuqarolar murojaatiga oʻz vaqtida javob qaytarib, ularni hal etish choralari koʻrilayotgani ijobiy natijalarga asos boʻlyapti.

Tan olish kerak, koʻrilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan oilaviy kelishmovchiliklarga toʻla barham berilganicha yoʻq. Bilamizki, har bir oilaning moddiy, maʼnaviy ehtiyoji bor. Muammo va nizolarning asosiy sababi ham ana shu ehtiyojning qondirilmaganidadir. Bugunga kelib, hayotimizda ana shunday muammolar mavjudligi xususida ochiq-oydin gapira boshladik…

Ha, chindan ham nima qilsak tinch-totuv yashaymiz, degan savolga bugun amalda javob izlana boshlandi. Tinch va farovon umr kechirish siri, shubhasiz, hamjihatlikda, unutilib borilayotgan urf-odat va anʼanalarimizda ekanligi koʻp bora isbotini topyapti.

Gulsara Qurbanbayeva,

Xorazm viloyati hokimi oʻrinbosari,

Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi.